LONDON, 17-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston delegatsiyasi Britaniya Kengashi tomonidan Manchesterda tashkil etilgan "Transmilliy ta'lim mavzusidagi chuqur dialoglar: TNE (Transnational education)ni tartibga solish" va "Deep Dialogues" xalqaro tadbirlarida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirlarda 18 mamlakatdan tashrif buyurgan oliy ta'lim sohasi vakillari qatnashdi.
Dastur barqaror va kengaytiriladigan transmilliy ta'lim va sifat, inklyuzivlik va samarali tartibga solish tizimlari bo'yicha chuqur muloqotga qaratilgan.
Muhokamalar markazida transmilliy ta'lim istiqbollari, butun dunyo bo'ylab oliy va qo'shimcha ta'limga ta'sir qiluvchi asosiy tematik yo'nalishlar kabi masalalar o'rin oldi.
"Deep Dialogues" suhbatlarida nufuzli universitetlarning rahbarlari, professor-o'qituvchilar, ta'lim tashkilotlari mutaxassislari qatnashdi.
Tadbirlarda Toshkent xalqaro Vestminster universiteti rektori Komiljon Karimov ma'ruza qildi. U O'zbekistonda oliy ta'lim sohasidagi ulkan islohotlar, universitetning respublikada va xorijda transmilliy ta'limni rivojlantirish borasidagi tajribasi haqida so'zlab berdi.
O'zbekiston tomoni, shuningdek, oliy ta'limni liberallashtirish va uning transmilliy ta'limga ta'siri, ta'limning dolzarbligi va sifatiga bag'ishlangan panel muhokamalar hamda transmilliy ta'limning inklyuzivligi va samaradorligini oshirishga bag'ishlangan sessiyalarda ishtirok etishdi.