LONDON, 18-noyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori boshchiligidagi delegatsiyaning Buyuk Britaniyaga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tashrif davomida Buyuk Britaniya milliy statistika ofisi (ONS) bilan hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari muhokama qilindi.
O'zbekiston delegatsiyasi Buyuk Britaniya milliy statistika ofisining statistika faoliyatida ma'lumotlarni olish, ular bilan ishlash, saqlash va tarqatish bo'yicha qonunchilik asoslari, milliy amaliyot, mavjud muammo va kamchiliklar va ularning yechimi bo'yicha ilg'or tajribalarini o'rgandi. Shuningdek, Buyuk Britaniya milliy statistika ofisining boshqa idoralar bilan axborot almashinuvi jarayonlari bilan tanishildi.
Buyuk Britaniya milliy statistika ofisi rahbari Ser Yan Daymond muloqot doirasida "O'zbekistonda milliy statistika tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar: erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar" mavzusida taqdimot o'tkazildi.
Unda Yangi O'zbekiston ma'muriy islohotlari doirasida so'nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar, jumladan ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash, faoliyatni sifatni boshqarishning ilg'or tizimlari asosida yo'lga qo'yish, statistik jarayonlarni so'nggi xalqaro statistika uslubiyotlariga mos ravishda amalga oshirish borasida erishilgan natijalar va boshqalar haqida batafsil so'zlab berildi.
Uchrashuv yakunida, tajriba almashish, mutaxassislar malakasini oshirish kabi muhim yo'nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha kelishuvga erishildi.