Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
"London Post": O'zbekistonning noyob mahalla instituti bugun faol va ta'sirchan ijtimoiy tuzilmaga aylandi - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

"London Post": O'zbekistonning noyob mahalla instituti bugun faol va ta'sirchan ijtimoiy tuzilmaga aylandi



LONDON, 3-dekabr. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniyaning mashhur "London Post" portalida "Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Samarqand deklaratsiyasida mahallalarning aholi farovonligini ta'minlashdagi ahamiyati ta'kidlangan" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

BMTda Bosh Assambleyaning rasmiy hujjati sifatida ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz tillarida O'zbekistonda yagona mahalla instituti to'g'risidagi hujjat tarqatildi.

 

O'zbekistonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi ma'lumotlariga ko'ra, hujjat tashkilot jurnalida uning barcha rasmiy tillarida e'lon qilingan hamda a'zo davlatlar va uning tarkibiy bo'linmalari o'rtasida keng tarqalgan.

 

"BMTning rasmiy hujjati 2024-yil 2-5-oktabr kunlari bo'lib o'tgan "Mahalliy aholining turmush darajasini oshirishda mahallalarning o'rni" xalqaro konferensiyasining Samarqand deklaratsiyasiga asoslanadi. Unda jamiyatda tinchlik va totuvlikni ta'minlash, yoshlar o'rtasida insonparvarlik qadriyatlarini targ'ib etish, avlodlar o'rtasidagi muloqotni mustahkamlashga beqiyos hissa qo'shayotgan noyob institut sifatida mahalla faoliyati batafsil yoritilgan", – deyilgan nashrda.

 

"London Post"da e'lon qilingan maqolada, shuningdek, BMT tomonidan e'lon qilingan hujjatda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O'zbekistonda mahallaning jamiyatdagi mavqeini oshirish, rolini kuchaytirish va vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan izchil va tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani, shuningdek, aholi muammolarini hal etishda birlamchi va muhim bo'g'in sifatida faoliyat ko'rsatishi ta'kidlangan.

 

"Bugun O'zbekistondagi noyob mahalla instituti faol va ta'sirchan ijtimoiy tuzilmaga aylandi, jamiyatning barcha qatlamlarini islohotlarni amalga oshirishga safarbar etdi", – deb yozilgan nashrda.