
LONDON, 3-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Xalqaro islom akademiyasi rahbarlaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniyaga tashrifi davomida qator ilmiy-madaniy muassasalarda uchrashuvlar o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Jumladan, Londondagi Islom madaniyati markazida davra suhbati tashkil etildi. Unda Islom madaniyati markazi bilan o'tgan vaqt davomida amalga oshirilgan loyihalar sarhisob qilindi. Xususan, 2022-yilda London shahrida o'tkazilgan O'zbekistonning boy ilmiy-madaniy merosiga bag'ishlangan ko'rgazma va ilmiy-qatadqiqot markazlarimiz tomonidan nashr etilgan yangi kitoblar taqdimoti britaniyaliklarda Yangi O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar haqida aniq tasavvur hosil qilishga imkon bergani ta'kidlandi. Bu kabi tadbirlarni muntazam tashkil etishga ehtiyoj yuqori ekani qayd etildi,
Islom madaniyati markazi mutaxassislariga so'nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan ijobiy o'zgarishlar haqida batafsil ma'lumot berildi.
"Imom Buxoriyning butun islom ummati uchun qilgan xizmatlari beqiyos. Shu sababli biz O'zbekistonni hurmat qilishimiz shart", - dedi markaz rahbari Ahmad Dubayan. Shuningdek, u 2025 yilda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikni yana-da kuchaytirish, birgalikda yangi loyihalarni amalga oshirish bo'yicha rejalarini ma'lum qildi.
Uchrashuv yakunida O'zbekistonning qadimiy va boy tarixini aks ettiruvchi fotoko'rgazma hamda ilmiy-tadqiqot markazlarining yangi nashrlari taqdimotini o'tkazish taklifi qo'llab-quvvatlandi.
O'zbekiston vakillari dunyoning eng yirik amaliy san'at muzeyi hisoblangan Viktoriya va Albert muzeyiga tashrif buyurishdi. Islom sivilizatsiyasi markazining muzey ekspozitsiyasini yaratishda Viktoriya va Albert muzeyi tajribasi o'rganildi. Muzeyda Islom san'ati galereyasi, "Buyuk Boburiylar" nomli maxsus ko'rgazma faoliyati bilan tanishildi. Ta'kidlash kerakki, Viktoriya va Albert muzeyidan O'zbekistonga oid ko'plab qadimiy osori atiqalar joy olgan bo'lib, har yili dunyoning turli nuqtalaridan bu yerga keladigan 4 million mehmonning diqqat markazida bo'ladi.
"O'zbekistonga bir necha marta borganman. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlaringiz menda unutilmas taassurot qoldirgan. Bu madaniyat o'choqlarining nafaqat islom dunyosi, balki butun jahon sivilizatsiyasidagi o'rni va ahamiyati beqiyos. Oxirgi yillarda Islom sivilizatsiyasi markazi va boshqa ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorligimiz rivojlanib borayotganidan mamnunmiz", dedi Islom galereyasi kuratori Fuksiya Xart.
Muzeyda yangi namoyish etilayotgan "Buyuk Boburiylar" ko'rgazmasi britaniyaliklarda katta qiziqish uyg'otdi. Ko'rgazmada Amir Temur va Temuriy shahzodalardan tortib, Bobur va uning avlodlari Hindistonda asos solgan buyuk saltanat haqida hikoya qiluvchi noyob ashyolar Movarounnahr, ya'ni hozirgi O'zbekistonning boy tarixi, uning ilg'or g'oya egalarining bunyodkorlik salohiyatini yaqqol ko'rsatib beradi.