Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Buyuk Britaniya parlamentida O'zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligiga bag'ishlangan tantanali qabul marosimi o'tkazildi - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

Buyuk Britaniya parlamentida O'zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligiga bag'ishlangan tantanali qabul marosimi o'tkazildi



LONDON, 9-dekabr. /"Dunyo" AA/. Britaniya parlamenti Lordlar palatasida O'zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligiga bag'ishlangan tantanali qabul marosimi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Tadbirda Buyuk Britaniya Parlamenti, vazirlik va idoralari, tadqiqot va tahlil markazlari, oliy ta'lim muassasalari, ishbilarmon doiralari vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar xodimlari va vatandoshlar ishtirok etdi.

 

Ochilish marosimida mamlakatimiz elchisi Ravshan Usmanov rahbari xorijiy tomonni yurtimizda o'tgan yili umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya, uning Yangi O'zbekiston islohotlari doirasidagi ahamiyati, mamlakat Asosiy qonunda belgilangan tinchlik va taraqqiyot tamoyillari bilan tanishtirdi.

 

Shuningdek, Konstitutsiya yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O'zbekistonning xalqaro maydonda munosib o'rin egallashida mustahkam poydevor bo'lib xizmat qilayotgani ta'kidlandi.

 

Baronessa Uddin, Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a'zosi, O'zbekistonda yuz berayotgan yangilanish va o'zgarishlarni ijobiy baholab, Londonni Toshkent bilan barcha sohalarda aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ma'lum qildi. Yangilangan O'zbekiston Konstitutsiyasining mamlakatning ko'pmillatli xalqi, islohotlar va taraqqiyot uchun muhimligini alohida qayd etdi.

 

Lord Veyverli shu yil oktyabr oyida yangilangan Konstitutsiya asosida Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga bo'lib o'tgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtiroki davomida ushbu muhim siyosiy tadbirning ochiqlik va raqobat ruhida o'tganligi Asosiy qonunni hayotga tatbiq etish yo'lida birinchi g'oyat muhim qadam bo'lganini bildirdi.

 

Tadbirning madaniy qismida O'zbekistondan tashrif buyurgan "Bunyod" ansambli ijrosidagi kuy va qo'shiqlar yig'ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

 

Lord Rennard:

Mamlakatingiz bilan juda ham yaqindan tanishman. Yaqinda Toshkentda bo'lib o'tgan "Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi"da qatnashdim. O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar alohida e'tirofga ega. Har bir sohadagi taraqqiyot va yangi tashabbuslar mamlakatning kelajagi uchun katta ahamiyat kasb etmoqda.

 

Neyl Titman, Londondagi "Kulturalis" nashriyot uyi boshqaruvchi direktori:

– Biz madaniyatlararo hamkorlik bilan shug'ullanuvchi nashriyot kompaniyasimiz. O'tgan olti-yetti yil davomida O'zbekistonning boy madaniyati haqida hikoya qiluvchi qator kitoblarni chop qildik. Hozirda mazkur adabiyotlar dunyoning deyarli barcha madaniyat markazlari, nufuzli muzeylar va kutubxonalardan joy olgan.

 

Biz kelgusida o'zbekistonlik hamkasblarimiz bilan birgalikda o'zbek san'ati va madaniyati haqidagi bilimlarni butun dunyoga yoyishga bag'ishlangan ko'plab kitoblar ustida ishlayapmiz.

 

Sunita Ramanand, "Trotting Soles Travel" sayyohlik kompaniyasi ta'sischisi:

– O'zbekistonning Ipak yo'lidagi o'rnini yanada muhimligini hozirda Britaniya muzeyida tashkil etilgan "Ipak yo'li" ko'rgazmasi misolida ko'rish mumkin. Shuning uchun biz O'zbekistondagi sayyohlik kompaniyalari bilan muntazam aloqalarni kengaytirish ustida ishlayapmiz. Hozirda Britaniyadan O'zbekistonga sayohat qilish istagidagilar soni tobora ortmoqda. Mamlakatingizning turizm salohiyatini Birlashgan Qirollikda yanada keng targ'ib qilishni rejalashtiryapmiz.

 

Yeva Novikova, Britaniya-O'zbekiston jamiyati a'zosi:

– Biz Buyuk Britaniya va O'zbekiston o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash yo'lida hamkorlik qilyapmiz.

 

O'zbekistonda xorijiy investorlar va tashqi savdoni himoya qiluvchi ko'plab islohotlar amalga oshirildi. Mamlakatingiz xorijiy sheriklar bilan biznes va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega.

 

Shu bois, tashkilotimiz Britaniya biznesini O'zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritishida jadal ko'maklashyapti.