
LONDON, 13-dekabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Agrosanoat sohasida O'zbekiston va Buyuk Britaniya onlayn biznes-forumi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi, O'simliklar karantini va himoyasi agentligi rahbariyati, mamlakatimiz hududlaridagi qishloq xo'jaligi mahsulotlarining yirik eksportchilari, shuningdek, Britaniyaning yetakchi importyor korxonalari vakillari qatnashdi.
Qishloq xo'jaligi vazirligi, O'simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda mamlakatimizdagi yirik eksportyor korxonalari tomonidan O'zbekiston agrosanoati, eksport salohiyati va bugungi kunda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar to'g'risida taqdimotlar o'tkazildi.
Onlayn forum yakunida joriy yil 18-dekabr kuni O'zbekiston eksportyor korxonalari uchun Britaniya bozoriga eksport qilish tartib-taomillarni bajarish, mavjud to'siqlarni bartaraf etish masalalariga bag'ishlangan trening o'tkazish, Britaniya kompaniyalari vakillarining 2025-yil 11-13-mart kunlari Toshkentda bo'lib o'tadigan "Agro World Uzbekistan" ko'rgazmasida ishtirokini uyushtirish to'g'risida ahdlashildi.