LONDON, 16-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Londonda nufuzli "CERGE-EI" jamg'armasi tomonidan tashkil etilgan "Yevroosiyo va transport yo'laklari: ta'minot zanjiri, muhim minerallar va energiyaga o'tish" mavzusidagi xalqaro konferensiyada nutq so'zladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"CERGE-EI" jamg'armasi 1993-yilda Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyoda iqtisodiy savodxonlikni oshirish hamda bozor mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan ilg'or iqtisodiy ta'lim va tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Mazkur fond iqtisodiyot sohasidagi mutaxassislar uchun stipendiyalar taqdim etadi. Har yili fond tomonidan dolzarb masalalarni ko'rib chiqish, hamda ularning iqtisodiy oqibatlarini tahlil qilgan holda, samarali yechimlarni ishlab chiqishga qaratilgan yirik xalqaro forumlar o'tkaziladi.
Tadbirda 15 dan ortiq davlatdan siyosiy, ishbilarmon va ekspert doiralarining vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada zamonaviy geosiyosiy muammolar sharoitida transport infratuzilmasini rivojlantirish va Yevroosiyoda barqarorlikni ta'minlash bilan bog'liq dolzarb masalalar muhokama qilindi. Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining Transkaspiy yo'nalishi bo'ylab davlatlar bilan hamkorligini mustahkamlash, jumladan, raqamlashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va o'zaro bog'liqlikni oshirishga alohida e'tibor qaratildi.
Tadbir davomida mamlakatimizning tranzit, energiya ta'minoti va kam uglerodli qo'shilgan qiymat zanjirlarini yaratish, muhim foydali qazilmalarni rivojlantirish, tog'-kon sanoati, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash sohalaridagi salohiyati ochib berildi. O'zbekiston misolida ushbu asosiy tarmoqlarni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan bozor va siyosatning rag'batlantirish usullari batafsil bayon etildi.
Kun tartibidan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz Transport tizimini 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasiga e'tibor qaratilib, unda mahalliy yuklarning dengiz portlariga tezroq yetib borishi uchun transport yo'laklarini shakllantirishga alohida e'tibor qaratildi.