LONDON, 19-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Ma'naviyat va ma'rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar instituti delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetiga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur tashrif ma'naviyat va ma'rifat sohalaridagi ilg'or tajribalarni o'rganish, ijtimoiy sohalar va tadqiqotlar yo'nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, zamonaviy ta'lim va tarbiya metodologiyalarini birgalikda o'rganish imkoniyatlariga bag'ishlandi.
Muzokaralarda Kembrij universitetining sotsiologiya yo'nalishlari bo'yicha eng nufuzli professor-o'qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Uchrashuvda delegatsiya keng ko'lamli iqtisodiy, ijtimoiy va ma'muriy islohotlar, shuningdek, mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlari va mintaqadagi jarayonlarga e'tibor qaratdi. Shuningdek, universitet va O'zbekistondagi bir qator oliy ta'lim muassasalari tomonidan amalga oshirilayotgan qo'shma loyihalar haqida ma'lumot berildi.
Suxbat davomida hamkorlikni yo'lga qo'yish va uning istiqbolli yo'nalishlari muhokama qilindi.
Kembrij universiteti vakillari mamlakatimizning ma'naviyat va ma'rifat sohasidagi tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar O'zbekiston va Buyuk Britaniya o'rtasida ijtimoiy tadqiqotlar va ma'naviyatni o'rganish bo'yicha tajriba almashishni faollashtirish bo'yicha memorandum loyihasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.