LONDON, 23-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov taniqli britaniyalik rassom va hunarmand Adam Uilyamson bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Adam Uilyamson Britaniyada 2008-yildan buyon sharq naqqoshligi va hunarmandchiligi, jumladan amaliy san'ati bo'yicha o'quv dasturlari yo'lga qo'ygan.
Uning o'quv dasturlari va mahorat darslarida Samarqand, Toshkent, Buxoro, Xivada joylashgan tarixiy obidalardagi naqshlar va amaliy san'at bezaklarini o'rganish ham ularni tasvirlash amaliyotlari muhim o'rin tutadi. O'quv dasturlari offlayn va onlayn shakllarda o'tkaziladi.
Ijodkor "The Royal Academy of Arts", "V&A2 muzeyi, "The British Museum" va boshqa ko'plab tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. Adam Uilyamson, shuningdek, London va Kembrij universitetlarida yoshlarga saboq beradi.
Uchrashuv davomida rassom tomonidan tashkil etilgan amaliy ta'lim dasturlari haqida ma'lumot berildi. Adam Uilyamsonning aytishicha, O'zbekiston shaharlarida joylashgan tarixiy obidalar naqshlarini o'rganish va tavsiflash darslarida xorijiy talabalar ishtiroki borasida ko'plab ijobiy takliflar mavjud.
Britaniyalik ijodkor O'zbekistonda san'at va madaniyat sohasidagi islohotlarning muhimligini e'tirof etib, respublika amaliy san'at ustalari va hunarmandlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishdan manfaatdorligini bildirdi.
2025-yil oktabr oyida Adam Uilyamson boshchiligidagi 25 nafar britaniyalik rassomlarning O'zbekistonga safari ma'lum qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yuqorida qayd etilgan sohalarda hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.