Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O'zbekiston elchisi Britaniya Parlamenti Jamoatlar palatasi Tashqi ishlar qo'mitasida muzokaralar o'tkazdi - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

O'zbekiston elchisi Britaniya Parlamenti Jamoatlar palatasi Tashqi ishlar qo'mitasida muzokaralar o'tkazdi



LONDON, 24-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniya Parlamenti Jamoatlar palatasi Tashqi ishlar qo'mitasi raisi Emili Tornberri va deputat Jon Vittingdeyl bilan muzokaralar o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Uchrashuv davomida Britaniya tomoni Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng-ko'lamli islohotlar va oxirgi yillar davomida respublikaning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda erishgan yutuqlari bilan batafsil tanishtirildi.

 

Britaniya Parlamenti a'zolari O'zbekistonda yuz berayotgan yangilanish va o'zgarishlarni ijobiy baholab, Londonning Toshkent bilan barcha jabhalarda aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta'kidladi.

 

Suhbat davomida parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan Britaniya Parlamentining yangi a'zolari bilan aloqalarni jadallashtirish masalalari bo'yicha fikr almashildi.

 

Britaniya tomoni 2025-yilning 5-9-aprel kunlari tarixda ilk bor O'zbekistonda Parlamentlararo ittifoqning (IPU) 150-assambleyasining o'tkazilishi respublikaning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada mustahkamlash, barqaror taraqqiyot va jahon davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytirish yo'lida muhim qadam bo'lishini ta'kidladi.

 

Hozirgi kunda Britaniya Parlamentida IPUning Toshkentdagi yig'ilishiga qatnashish uchun ushbu mamlakat vakillaridan iborat nufuzli delegatsiya shakllantirilmoqda.

 

Muzokaralar yakunida ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun mavjud salohiyatni ro'yobga chiqarish bo'yicha amaliy aloqalarni davom ettirish bo'yicha kelishuvga erishildi.