Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O'zbekiston Tog'-kon sanoati va geologiya vazirligining delegatsiyasi Buyuk Britaniyaga tashrif buyurdi - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

O'zbekiston Tog'-kon sanoati va geologiya vazirligining delegatsiyasi Buyuk Britaniyaga tashrif buyurdi



LONDON, 26-dekabr. /"Dunyo" AA/. Joriy yil 22-25-dekabr kunlari O'zbekiston Tog'-kon sanoati va geologiya vaziri o'rinbosari Ural Yusupov boshchiligida delegatsiya London shahriga xizmat safari bilan tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Tashrif davomida delegatsiya vakillari "SRK Consulting", "Sustainable Fitch", "Finasia Capital" va London fond birjasida xalqaro moliyaviy institut va banklar bilan bir qator uchrashuvlarni o'tkazdi.

1974-yilda Janubiy Afrikada tashkil etilgan "SRK Consulting" - xalqaro geotexnika, qazilmalar va ekologik muhandislik bo'yicha konsalting kompaniyasi. U dunyo bo'ylab turli sohalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

 

Asosiy faoliyat yo'nalishlari orasida qazib olish sanoati uchun konsalting (oltin, neft, gaz, minerallar va boshqalar), geologiya, qazilma resurslarini baholash va strategik rejalashtirish, geotexnika muhandisligi va quruvchilik, ekologik tahlil va resurslarni qayta tiklash strategiyalarini ishlab chiqish bo'yicha xizmatlarini ko'rsatish. Shuningdek, muhandislik iqtisodiyoti, texnik-iqtisodiy asoslar tahlillarini amalga oshiradi (Feasibility Studies).

 

"Sustainable Fitch" — "Fitch Group"ning bo'limi bo'lib, moliya bozorlarida ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) bo'yicha tahlillar, reytinglar va tadqiqotlar taqdim etadi. Ular ESG ma'lumotlari va tahlillari orqali moliyaviy hamjamiyatga yaxshiroq qarorlar qabul qilishda yordam berishga qaratilgan.

 

Tashrif yakunlari bo'yicha respublika delegatsiyasi va "Finasia Capital" o'rtasida Anglashuv memorandum imzolandi hamda "SRK Consulting" va "Sustainable Fitch"lar bilan bir qator kelishuvlarga erishildi.

 

Ta'kidlab o'tish joizki, 2024-yil mobaynida respublika korxonalarining jami 7 milliard dollarlik qimmatli qog'ozlari London fond birjasida joylashtirilib, qo'shimcha mablag'lar jalb qilindi.