
LONDON, 25-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov London universiteti Birkbek kolleji professori Juliya Lovell bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Professor Juliya Lovell O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni, shu jumladan oliy ta'lim sohasidagi ijobiy o'zgarishlarni hamda ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarning rivojlanishi uchun yaratilgan qulay sharoitlarni yuqori baholadi.
"Britaniya muzeyida o'tayotgan "Ipak yo'li" ko'rgazmasida namoyish etilayotgan O'zbekistonning noyob eksponatlari respublikaning boy tarixiy va madaniy merosini butun dunyoga tanitish uchun xizmat qilmoqda. O'zbekistonning arxeologik va madaniy xazinalarini saqlash hamda tadqiq qilishda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarur", dedi u.
Bo'lib o'tgan uchrashuv yakunida O'zbekiston va Buyuk Britaniya o'rtasida ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 2025-yilda Juliya Lovellning yurtimizga safarini tashkil etish va uning doirasida tegishli ilmiy muassasalar rahbariyati bilan muzokaralar o'tkazish bo'yicha kelishuvga erishildi.
1823-yilda tashkil etilgan Birkbek kolleji London universiteti tarkibiga kiradi. Kollej tarix, ijtimoiy fanlar, san'at, adabiyot, huquq, iqtisodiyot va boshqa sohalarda yuqori darajadagi ta'lim dasturlarini taklif etadi. Birkbek kolleji "QS World University Rankings" oliy o'quv yurtlari xalqaro reytingida 408- o'rinda va "Times Higher Education"da esa 301- pog'onada qayd etilgan.