Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Buyuk Britaniyadagi vatandoshlar O'zbekistondagi xayriya tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashmoqda - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

Buyuk Britaniyadagi vatandoshlar O'zbekistondagi xayriya tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashmoqda



LONDON, 6-yanvar. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida Uzbek Students Union – UzSU talabalar tashkiloti tomonidan Yaponiyaning qadimgi "Kinsugi" texnikasidan foydalangan holda xayriya aksiyasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda Dunyo AA muxbiri.

 

Tadbirdan ko'zlangan maqsad – O'zbekistonda intellektual rivojlanishida nuqsoni bo'lgan bolalarni qo'llab-quvvatlash uchun mablag' yig'ish bo'ldi.

 

Aksiya doirasida o'tgan master-klass davomida ishtirokchilar avval an'anaviy o'zbek piyolalarini ataylab sindirib, so'ngra ularni "Kinsugi" usuli - nomukammallikda go'zallik izlash ramzi bo'lgan qadimgi yapon texnikasi yordamida qayta tiklashdi. Tugallangan asarlar o'zbek merosi unsurlarini ham, yapon madaniyatining chuqur falsafasini ham o'zida mujassamlashtirdi.

 

Qo'l san'ati buyumlari sotuvga qo'yiladi va undan tushgan barcha mablag'lar O'zbekistonda ta'lim, sog'liqni saqlash hamda ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish bo'yicha faoliyat olib borayotgan UzAid nodavlat tashkilotiga yo'naltiriladi. Tashkilotchilar ta'kidlaganidek, bunday tashabbuslar xayriya tashkilotlarini rivojlantirishga salmoqli hissa qo'shadi va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni ilgari surishga yordam beradi.

 

Bundan tashqari, bunday tadbirlar xorijda tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar o'rtasida hamjihatlikni mustahkamlashda muhim rol o'ynab, ularning bir-birini qo'llab-quvvatlashiga turtki bo'ladi, do'stona aloqalarni mustahkamlaydi va birdamlik muhitini yaratadi. Bunday tashabbuslar insonlar orasida o'z madaniyati, an'analari va milliy o'ziga xosligi bilan faxrlanish tuyg'usini rivojlantiradi.

 

Uzbek Students Union hamjamiyati Buyuk Britaniyadagi o'zbek talabalari o'rtasida do'stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga faol hissa qo'shmoqda. Yaqinda tashkil etilganiga qaramasdan, UzSU hamjamiyati milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va targ'ib qilishga qaratilgan "Zakovat" intellektual o'yini hamda Navro'z bayrami kabi tadbirlarni muvaffaqiyatli tashkil etishga ulgurgan.