
LONDON, 7-yanvar. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Londondagi Elchisi Ravshan Usmanov Britaniya Parlamenti Jamoatlar palatasi a'zoci Tahir Ali bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Uchrashuv davomida Britaniya tomon Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng-ko'lamli islohotlar va oxirgi yillar davomida respublikaning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda erishgan yutuqlari bilan batafsil tanishtirildi.
Jamoatlar palatasi a'zoci O'zbekistonda yuz berayotgan yangilanish va o'zgarishlarni ijobiy baholab, Londonni Toshkent bilan barcha jabhalarda aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta'kidladi.
Suhbat davomida parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan Britaniya Parlamentining yangi a'zolari bilan aloqalarni jadallashtirish masalalari bo'yicha fikr almashildi.
Britaniya tomon 2025-yilning 5-9-aprel kunlari tarixda ilk bor O'zbekistonda Parlamentlararo ittifoqning (IPU) 150-yubiley assambleyasining o'tkazilishi respublikaning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada mustahkamlash, barqaror taraqqiyot va jahon davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytirish yo'lida muhim qadam bo'lishini ta'kidladi.
Hozirgi kunda Britaniya Parlamentida IPUning Toshkentdagi yig'ilishiga qatnashish uchun ushbu mamlakat vakillaridan iborat nufuzli delegatsiya shakllantirilmoqda.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mavjud salohiyatni ro'yobga chiqarish bo'yicha amaliy aloqalarni davom ettirish bo'yicha kelishuvga erishildi.