LONDON, 19-yanvar. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Transport vazirligi, "O'zavtosanoat" AJ, "SamAvto" zavodi, Toshkent shahri va Samarqand viloyati hokimliklari mutasaddilari hamda Buyuk Britaniyaning "Hinduja Group" kompaniyasi rahbariyati o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Hinduja Group" kompaniyasiga 1914-yilda asos solingan. Kompaniya bugungi kunda yirik global sanoat va moliyaviy konglomerat hisoblanadi. U avtomobilsozlik, neftni qayta ishlash, telekommunikatsiyalar, yuk tashish, moliya, ta'lim, sog'liqni saqlash va boshqa sohalarda faoliyat olib boradi.
"Hinduja Group" britaniyalik biznesmen Gopichand Xindudja tomonidan boshqariladi. U hozirda oilaviy kapitali hajmi bo'yicha (47 milliard dollardan ortiq) Britaniyadagi eng boy odam hisoblanadi.
Muzokaralar davomida transport va infratuzilmalar sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Kompaniya rahbariyati O'zbekiston tomoni bilan hamkorlik qilishdan manfaatdorligini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida qayd etilgan sohalarda qo'shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvga erishildi.