LONDON, 20-yanvar. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida Oskar Freyzer Terner boshchiligida Oksford universitetining bir guruh britaniyalik tadqiqotchilari tomonidan suratga olingan Amudaryo deltasi va Orol dengizi inqirozi haqidagi yangi hujjatli filmning namoyishi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirdan ko'zlangan maqsad Markaziy Osiyoda tobora kuchayib borayotgan ekologik muammolarga, shuningdek, ularning mintaqa ekotizimiga ta'siriga e'tiborni qaratishdan iborat bo'ldi.
"Amudaryo" loyihasi doirasida yaratilgan ushbu film Oksford universiteti hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan kelgan 36 nafar talaba o'rtasidagi noyob hamkorlik samarasidir.
Hujjatli film Amudaryoning qurishi bilan bog'liq holat va uning davom etayotgan Orol dengizi inqirozidagi roliga bag'ishlangan. "Loyiha ishga tushirilgandan beri biz filmdan Orol dengizi inqirozi bilan bog'liq ayrim dolzarb muammolarni hal qilishda foydalanishga intildik. Asosiy maqsadimiz – O'zbekistonda ekologiya sohasida ta'lim va muloqot darajasini oshirishdan iborat", dedi britaniyalik tadqiqotchilar guruhi rahbari.
Filmda turli qatlamlardagi odamlar, jumladan, talabalar, sobiq baliqchilar, muzey direktorlari, NNT vakillari va jamoat faollarining fikrlari o'rin olgan. Ularda chang bo'ronlarining kuchayishi, sog'liq uchun xavfning ortayotgani va atrof-muhitning buzilishi bilan bog'lik dolzarb muammolar qayd etilgan.
Film muallifi mart oyida O'zbekistonga tashrif buyurishni va Ekologiya vazirligi bilan birgalikda yoshlarni ekologik muammolarni hal etishga keng jalb etish maqsadida mamlakatimiz umumta'lim maktablarida ushbu kartina namoyishini tashkil etishni rejalashtirayotganini bildirdi.
Taqdimot doirasida elchixonada brifing va munozaralar bo'lib o'tdi. Unda Amudaryo va Orol dengizi bilan bog'liq og'ir ekologik vaziyatning kelib chiqish sabablari muhokama qilindi.
Munozaralar chog'ida O'zbekiston hukumatining Markaziy Osiyodagi suv inqirozi oqibatlarini yumshatish bo'yicha keng ko'lamli tashabbuslari alohida ta'kidlandi. Xususan, Amudaryo deltasida yana-da barqaror qishloq xo'jaligini yaratish uchun innovatsion sug'orish texnologiyalarini joriy etish choralari ko'rilayotgani yuqori baholandi.
O'zbekiston hukumatining muhim loyihalaridan biri chang bo'ronlarning ko'payishi va ularning odamlar salomatligi uchun ta'siriga qarshi kurashishga qaratilgan saksovul plantatsiyalarini yaratish bo'yicha tashabbusidir. 2018-yildan buyon Orolqum cho'lida hududning ekologik muvozanatini tiklash maqsadida 2 million gektarga yaqin maydonda o'rmonzorlar yaratildi.
Mazkur filmning Buyuk Britaniyada namoyish etilishi nafaqat ilmiy jamoatchilik, balki o'zbekistonlik yoshlarning mintaqadagi ekologik muammolarni o'rganishga befarq emasligini yana bir karra ko'rsatdi.
Umuman olganda, ushbu hujjatli film Amudaryo inqirozini global tushunishda muhim qadam bo'ldi. Oskar Freyzer Ternerning O'zbekistonga rejalashtirilgan safari davomida namoyishi bo'lib o'tadigan mazkur film Markaziy Osiyo jamoatchiligiga manzur kelishi, shubhasiz.