LONDON, 22-yanvar. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning "International Hospitals Group" ("IHG") kompaniyasi bosh ijrochi direktori Chester King bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida Britaniya ilg'or tajribasi asosida O'zbekistonda shifoxonalarni loyihalash va qurish, ularni boshqarish, tibbiy jihozlar bilan ta'minlash hamda sog'liqni saqlash xodimlarining malakasini oshirish bo'yicha qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Chester King O'zbekistonda sog'liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni yuqori baholab, "IHG" respublika bilan ushbu yo'nalishda hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini ta'kidladi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi va "IHG" kompaniyasi rahbariyati o'rtasida onlayn muzokaralar tashkil etish to'g'risida kelishuvga erishildi.
"IHG" kompaniyasi 1972 yilda tashkil etilgan. U butun dunyo bo'ylab 55 ta mamlakatda 480 dan ortiq sog'liqni saqlash sohasidagi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan. Kompaniya hamkorlari qatorida 24 ta xorijiy hukumatlar, BMT, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi kabi nufuzli tashkilotlar bor.