LONDON, 24-yanvar. /"Dunyo" AA/. Britaniyaning mashhur "Metro" gazetasida O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlagan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muallif Elis Merfining yozishicha, bugungi kunda O'zbekiston jahon eng nufuzli nashrlari va ixtisoslashtirilgan reytinglari tomonidan dunyoning eng jozibali sayyohlik yo'nalishlaridan biri sifatida e'tirof etilmoqda.
"Shuning uchun men ushbu mamlakatga borishga jazm etdim, – degan u . – Yetti kunlik sayohatimiz poytaxt Toshkentga yetti soatlik parvozdan keyin boshlandi".
Britaniyalik jurnalist Toshkentda Hazrati Imom majmuasi, Chorsu bozori va poytaxtning boshqa tarixiy hamda zamonaviy diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilganini ta'kidlagan.
"Toshkent xiyobonlaridan birida dam oldik. Meni 2,4 million aholiga ega bu shaharning qanchalik xavfsiz ekanligi hayratga soldi. O'zbekistonda bizni iliq kutib olishdi va tez orada ingliz tilini o'rganayotgan uch nafar mahalliy yosh yigitlar bizga qo'shildi", – deya qayd etgan muallif.
Uning yozishicha, hozirda O'zbekistonga 60 dan ortiq davlat fuqarolari 30 kunlik vizasiz rejim asosida sayohat qilish huquqiga ega, jumladan Buyuk Britaniya aholisi ham. O'zbekiston hozirda Markaziy Osiyoda eng ko'p sayyohlar tashrif buyuradigan respublika hisobladi. Va, albatta, buning o'ziga yarasha sabablari ham bor.
Jurnalist "Afrosiyob" tezyurar poyezdida Samarqandga yo'l olganini bildiradi. U tezyurar poyezd zamonaviy va juda qulayligini e'tirof etgan. Poyezdda sizga bepul choy va qahva taklif qilishadi.
Elis Merfi Samarqandda bo'lishi davomida Amir Temur maqbarasini ziyorat qilgani haqidagi taassurotlarini mushtariylar bilan bo'lishgan. "Amir Temur 14 asrda Markaziy Osiyoning ulkan hududlarini birlashtirgan buyuk sarkarda, atoqli davlat arbobi va xalq qahramonidir. Mazkur maqbaraning hashamatli koshinlari, bezaklari va tilla suvi yuritilgan shiftlardagi betakror naqshlar uning kuch-qudratidan dalolat beradi", – deyilgan nashrda.
Sayohatchi muxbir, shuningdek, unga minoraga chiqishni taklif qilishganini bildiradi. "Bu atrofni qushlar nazari bilan tomosha qilish uchun imkoniyatdir. Minora tepasiga ko'tarilish kishi boshini aylantiradi, lekin yuqoridan pastga nazar tashlash juda maroqli. Biz pastga qaraganimizda bir paytlar mintaqada keng tarqalgan qadimgi fors dini bo'lgan zardushtiylikning murakkab mozaikalari va timsollarini ko'rdik", –ma'lum qilgan muallif.
Bundan tashqari, Elis Merfi Buxoroga qilgan safari haqida ham yozgan. Buxoro Samarqanddan kichikroq, lekin mazkur kent tarixda islom olamida muhim o'rin tutgan.
"Ko'p asrlik savdo gumbazlari hali ham qo'lda to'qilgan shoyi sharflar va unumdorlik timsoli bo'lgan anor tasviri tushirilgan so'zanaga qoyil qolgan sayohatchilarga soyabon bo'lib xizmat qilmoqda", – deyiladi maqolada.
Muallif butun sayohati davomida tanovul qilgan eng mazali taomi – bu palov va pomidordan tayyorlangan salat bo'lganini ma'lum qiladi.
"Xivaga yetti soatlik sayohat chog'ida G'arb davlatlarida deyarli yo'qolib qolgan diqqatga sazovor joylarni ko'zdan kechirdik, – davom etadi jurnalist. – Biz 2700 yildan ortiq tarixga ega Xivaga quyosh botishi arafasida yetib keldik. Bu paytda eski shahar devorlari bo'ylab sayr qilish men uchun haqiqatan ham sehrli voqea bo'ldi, ko'zimga yosh keldi"
Elis Merfining Xivani yer yuzidagi eng ajoyib joylardan biri deb ta'riflagan "Independent" muxbiri Saymon Kalder nechog'li haq ekanligini e'tirof etadi. Uning ta'kidiga ko'ra, Saymon Kalder hech qanday mubolag'asiz Xivaga haqqoniy bahoni bergan.
"So'nggi ikki kunimizni Xivadagi to'rt tomoni baland devorlar bilan o'ralgan qal'a ichida o'tkazdik. Matematik nazariyalar ilk bor kashf etilgan madrasalar va 1000 yillik yog'och to'sinlar tirgak bo'lib turgan qadimiy masjidni ko'zdan kechirdik", – deb yozgan muallif o'z xulosasida.