
LONDON, 28-yanvar. /"Dunyo" AA/. Britaniyaning mashhur "The Times" gazetasida yaqinda Angliyaning "Manchester Siti" futbol klubiga o'tgan o'zbekistonlik iqtidorli futbolchi Abduqodir Husanovga bag'ishlangan maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Manchester Siti"ning yangi xaridi – Abduqodir Husanov tezlik bobida Kayl Uokerdan qolishmaydi" sarlavhali maqolada yozilganidek, klub Husanovni Fransiyaning "Lans" jamoasidan 42 million funt sterlingga sotib oldi. "Shaharliklar" safi o'zbekistonlik muxlislar bilan to'ldi va jamoaning azaliy ishqibozlari uchun esa Markaziy Osiyoning ushbu "sirli" mamlakati haqida ko'proq bilishga yo'l ochildi", – deyilgan nashrda.
Maqolada O'zbekiston futbol assotsiatsiyasining Yevropadagi vakili Dilshod Ro'zmetovning Abduqodir Husanov transferi haqidagi quyidagi fikrlari keltirilgan: "Ushbu o'tish o'zbek futboli uchun juda muhim. "Bu boshqa o'zbek futbolchilari uchun Yevropa sari yo'l bo'lib, ularga yangi imkoniyatlarni ochishi mumkin"
Nashrda O'zbekistonda futbolga qaratilayotgan yuksak e'tibor natijasida mamlakat futbol davlati sifatida o'zini namoyon qilayotgani qayd etilgan. Ayniqsa, O'zbekiston yoshlar jamoalari xalqaro maydonda qo'lga kiritayotgan natijalari shunchaki ajoyib. "Abduqodir Husanov to'p surgan 23 yoshgacha bo'lgan yoshlar terma jamoasi Osiyo kubogi finaliga chiqdi va 2024-yil Parijda bo'lib o'tgan yozgi Olimpiya o'yinlariga yo'llanmani qo'lga kiritdi. O'zbekiston olimpiya terma jamoasi "Parij-2024"da kuchli raqib – Ispaniya bilan durang o'ynadi", – deb yozadi muallif.
Britaniya nashri, shuningdek, Abduqodirning Fransiyaning "Lans" klubidagi faoliyati haqida ham batafsil yozgan. "Husanov "Lans"ning asosiy himoyachilaridan biri – Kevin Danso jarohat olganidan so'ng muhim o'yinchiga aylandi. Shu o'rinda, murabbiylar uning qobiliyatini o'z vaqtida payqaganlarini ham e'tirof etish kerak. Uni jamoadoshlari "Tank" deb atashgan va murabbiylardan biri Husanov u bilan birga ishlagan eng yaxshi futbolchilardan biri ekanligini ta'kidlagan", – deyilgan manbada.
Maqolada "Lans" futbolchisi Kevin Dansoning yurtdoshimiz haqidagi fikrlari ham o'rin olgan. "Qodir ajoyib futbolchi va buni hamma ko'rdi. Men uni o'tgan mavsumdan beri bilaman. Agar u Yevropaning eng yaxshi klublaridan biridan o'tganida, uning narxi 100 million yevroga teng bo'lishi mumkin edi", degan u.
Nashrda o'zbek himoyachisining tezligi alohida urg'ulangan va Abduqodir bu jabhada Italiyaning "Milan" klubiga o'tishi tasdiqlangan Kayl Uokerdan qilishmasligi qayd etilgan.
"Husanovning tezligi muammolarimizni hal qiladi, deb o'ylamayman, lekin u bizga yordam bera oladi. U markaziy himoyachi, biroq, Abduqodir turli pozitsiyalarda o'ynay oladi", – deya "Manchester Siti" klubi bosh murabbiyi Xosep Gvardiola so'zlaridan iqtibos keltirilgan "The Times" gazetasida bosilgan maqolada.
Eslatib o'tamiz, Abduqodir Husanov 25-yanvar kuni "Manchester Siti" safidagi ilk o'yinini Londonning "Chelsi" klubiga qarshi o'tkazdi. Xosep Gvardiola hamyurtimizni asosiy tarkibga kiritdi. Uchrashuvda u 53 daqiqa harakat qildi. Mazkur bahsda "Manchester Siti" londonliklar ustidan 3:1 hisobida zafar quchdi.