O'zbekiston milliy mahsulotlari va brendlari Londondagi xalqaro ko'rgazmalarda keng targ'ib qilinadi
LONDON, 31-yanvar. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchici Ravshan Usmanov Britaniyaning "Montgomery Group" kompaniyasining xalqaro hamkorlik masalalari bo'yicha direktori Jeyms Myurrey bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari, O'zbekistonda oziq-ovqat hamda ichimliklar ishlab chiqaruvchi mahalliy brendlarning Londondagi xalqaro ko'rgazma va savdo-iqtisodiy tadbirlarda ishtirokini ta'minlash masalalari xususida fikr almashildi.
"Montgomery Group" kompaniyasi tarkibida "International Food and Drink Exhibition" ("IFE") xalqaro ko'rgazmasi ta'sis etilgan. "IFE" dunyodagi eng yirik oziq-ovqat va ichimliklar ko'rgazmalaridan biri bo'lib, har yili ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar, chakana savdo va mehmondo'stlik sohasidagi mutaxassislarni bir maydonda to'playdi. Mazkur ko'rgazma yangi mahsulotlarning taqdimotlarini o'tkazish, biznes aloqalar o'rnatish, yangi bozor imkoniyatlarini o'rganish, ishlab chiqaruvchilarning importyor korxonalar bilan to'g'ridan-to'g'ri hamkorlik munosabatlarini yo'lga qo'yishda ko'maklashadi.
Joriy yilgi ko'rgazmada 30 mingga yaqin mehmon, shu jumladan 1500 dan ziyod ishlab chiqaruvchilarning ishtiroki rejalashtirilmoqda.
Muloqot chog'ida Jeyms Myurrey "Montgomery Group" faoliyatining asosiy yo'nalishlari bo'yicha atroflicha ma'lumot berdi. U O'zbekiston mahalliy ishlab chiqaruvchilarining Londonda tashkil etiladigan xalqaro savdo-iqtisodiy tadbirlarda ishtirokini ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi. Jeyms Myurrey, shuningdek, O'zbekiston eksportyorlarini shu yilning 17-19-mart kunlari London shahrida bo'lib o'tadigan "Xalqaro oziq-ovqat va ichimliklar forumi"da ishtirok etishga taklif qildi.
"Mazkur xalqaro tadbirda O'zbekiston biznes delegatsiyasining ishtirok etishi milliy mahsulotlar eksportini keng targ'ib etishga ko'maklashadi", dedi u.