LONDON, 4-fevral. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniya poytaxtida O'zbekiston qishloq xo'jaligi sanoatiga bag'ishlangan biznes-forum tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Gibrid shaklda bo'lib o'tgan tadbirda O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi O'simliklar karantini va himoyasi agentligi rahbariyati, yurtimizning eksportchi korxonalari hamda xorijiy kompaniyalar vakillari ishtirok etishdi.
Biznes-forum davomida O'zbekiston agrosanoati, uning eksport salohiyati va bugungi kunda mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlar to'g'risida taqdimot o'tkazildi.
Xorijiy tomon O'zbekiston qishloq xo'jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo'ljallangan strategiyasining ustuvor yo'nalishlari, milliy mahsulotlarning eksport bozorlari, xorijiy investorlarga mamlakat agrosanoatida yaratib berilgan imkoniyatlar bilan tanishtirildi. Shuningdek, ishtirokchilarga O'zbekiston hududlarida fitosanitar xavfsizlikni ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar, rejalar va sohaga oid qabul qilingan huquqiy hujjatlar haqida so'zlab berildi.
Mahalliy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan eksportbop ho'l va qayta ishlangan quritilgan meva-sabzavotlar, turli konservalar, milliy qandolatchilik, salqin ichimliklar va poliz mahsulotlari onlayn tarzda namoyish etildi.
Muloqot davomida O'zbekiston agrosanoat mahsulotlarining Britaniya bozoriga eksportini diversifikatsiya qilish va transport-logistika yo'llari, britan kapitali ishtirokida yurtimizda qishloq xo'jaligi klasterlarini yaratish, ikki mamlakat hududida o'tkaziladigan yirik ko'rgazmalarda ishtirok etish masalalari bo'yicha fikr almashildi.
Bundan tashqari, forum doirasida Britaniya kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar, G2B va B2B formatlarida uchrashuvlar o'tkazildi. Ularda mazkur yo'nalishda qo'shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Biznes-forum yakunida Londonda "Made in Uzbekistan" yorlig'i ostida O'zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari savdo yarmarkasini uyushtirish, Londonda O'zbekiston savdo uyini tashkil etish, 11-13-mart kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tadigan "AgroWorld Uzbekistan 2025" xalqaro ko'rgazmasiga Britaniyaning yirik importyor va agrotexnika ishlab chiqaruvchi kompaniyalarining, shuningdek, 17-19-mart kunlari London shahrida bo'lib o'tadigan "Xalqaro oziq-ovqat va ichimliklar forumi"da O'zbekiston eksportyor kompaniyalarining ishtirokini ta'minlash bo'yicha bir qator kelishuvlarga erishildi.
Alan Rayd, G'arbiy London Savdo palatasi bosh ijrochi direktori:
– Ushbu tadbirda qatnashganimdan behad xursandman. Taqdimotlar davomida O'zbekiston agrosanoati, uning eksport salohiyati va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdim.
Hozirgi kunda qishloq xo'jaligi mamlakatingiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, ushbu jabha O'zbekiston yalpi ichki mahsulotining qariyb 25 foizini tashkil etadi.
O'zbekistondan meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, uzum va dukkakli mahsulotlarni import qilish va ularni Britaniya poytaxti G'arbida joylashgan bozor va supermarketlarda sotish imkoniyatini o'zbek hamkorlarimiz bilan o'rganib chiqishga tayyormiz.
Temmi Douson-Douti, Britaniyaning "Yangi meva va sabzavotlar ishlab chiqaruvchilar tarmog'i" rahbari:
– Bugun biz O'zbekiston mahsulotlarini Britaniyaga eksport qilish va ular uchun yangi bozorlar topish, ikki mamlakat eksportyor va importyor korxonalari o'rtasida hamkorlik aloqalarini o'rnatish masalalarini muhokama qildik. Britaniyaning "Yangi meva va sabzavotlar ishlab chiqaruvchilar tarmog'i" ushbu jabhada ikki mamlakat kompaniyalari uchun ko'prik vazifasini o'taydi.
Karina Syunnesson, "Arbrook Partners" kompaniyasi rahbari:
– Mazkur biznes-forumda ishtirok etish orqali O'zbekiston agrosanoat sektoridagi biznes imkoniyatlar va istiqboldagi rejalar haqidagi muhim ma'lumotlarni bilib oldim.
O'zbekiston qishloq xo'jaligining zamonaviy rivojlanish yo'nalishlari va agrar iqtisodiyoti yuqori salohiyatga ega. Bularning barchasi O'zbekistonning xalqaro bozorlardagi o'rnini mustahkamlash va yangi hamkorlik imkoniyatlarini ochishda muhim ahamiyatga ega.