Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Lord Jon Olderdis: Rasmiy London Toshkent bilan barcha jabhalarda aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

Lord Jon Olderdis: Rasmiy London Toshkent bilan barcha jabhalarda aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor



LONDON, 6-fevral. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchisi Ravshan Usmanov yangi tayinlangan Buyuk Britaniya Bosh vazirining O'zbekiston bo'yicha savdo vakili lord Jon Olderdis bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Britaniya Bosh vazirining Savdo vakillari lavozimi 2012-yilda joriy etilgan bo'lib, ushbu o'ringa mamlakat parlamentining yetakchi namoyondalari tayinlanadi.

 

Savdo vakillari faqat Birlashgan Qirollik bilan savdo va sarmoyaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish imkoniyati mavjud bo'lgan mamlakatlarga tayinlanadi va ularning asosiy faoliyati ushbu sohalardagi aloqalarni kuchaytirishga yo'naltiriladi.

 

Xususan, savdo vakillari Britaniya Savdo va biznes vazirligi bilan yaqin hamkorlikda yangi bozorlarni kashf etish, xorijiy mamlakatlarga biznes missiyalarini tashkil etish hamda Britaniya va xorijiy ishbilarmon doiralari o'rtasida aloqalarni jadallashtirish masalalari bilan shug'ullanadi.

 

Suhbat davomida xorijiy tomon Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng-ko'lamli islohotlar va so'nggi yillarda respublikaning savdo-iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda erishgan yutuqlari bilan batafsil tanishtirildi.

 

Lord Jon Olderdis O'zbekistonda yuz berayotgan yangilanish va o'zgarishlarni ijobiy baholab, rasmiy Londonni Toshkent bilan barcha jabhalarda aloqalarini kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta'kidladi.

 

Muloqot chog'ida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamda ta'lim sohalarida hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari bo'yicha fikr almashildi.

 

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun mavjud salohiyatni ro'yobga chiqarish bo'yicha muloqotni davom ettirish to'g'risida kelishuvga erishildi.