Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Buyuk Britaniya konsorsiumi bilan O'zbekistonda transport va energetika sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvga erishildi - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

Buyuk Britaniya konsorsiumi bilan O'zbekistonda transport va energetika sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvga erishildi



LONDON, 8-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniyaning "Arup" konsorsiumi boshqaruv raisi Jerom Frost bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

1946-yilda Londonda asos solingan "Arup" kompaniyasi loyihalash va qurilishni rejalashtirish hamda ularni barcha bosqichlarida boshqarish sohalarida dunyodagi yirik muhandislik konsorsiumi hisoblanadi. Kompaniya dunyoning 140 dan ortiq davlat bilan hamkorlik qiladi va uning 37 ta mamlakatda o'z ofislari bor.

 

"Arup" kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan va amalga oshirilgan bir qator obyektlar o'zining yuqori texnologik muhandislik yechimlari va noyob dizayni bilan mashhur. Sidney opera teatri, Londondagi "Makmillan" rak kasalliklarini davolash markazi va "Standart Hotel" mehmonxonasi, Birmingemdagi "Paradise Square" biznes markazi, Pekindagi "Parkviw Green FangCaoDi" va Abu-Dabi shahridagi "Yas Island Marina Hotel" mehmonxonalari, Moskvadagi "Skolkovo" texnoparki va Madriddagi "Hospital de Mostoles" shifoxonasi shular jumlasidandir.

 

Jerom Frost "Arup" kompaniyasi O'zbekiston tomoni bilan sermahsul hamkorlik qilib kelayotganligi va shu kungacha respublikada 15 ta xususiy va davlat sektoridagi mijozlar bilan 30 dan ortiq loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirganligini ma'lum qildi.

 

"Arup" kompaniyasi tomonidan Samarqand turizm markazi, shu jumladan, Kongress-xoll va 8 ta mehmonxona, "Toshkent Siti" ishbilarmonlik hududidagi Kongress-xol va "Hilton" mehmonxonasi, O'zbekiston milliy kutubxonasi, shuningdek, bir qator transport va energetika infratuzilmalarini qurish bo'yicha loyihalash va muhandislik xizmatlari ko'rsatilgan.

 

Konsorsium boshqaruv raisi Jerom Frost kompaniya O'zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini tasdiqladi.

 

Suhbat davomida, shuningdek, kelgusidagi rejalar va yangi loyihalar xususida fikr almashildi.

 

Uchrashuv yakunida "Arup" kompaniyasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda yirik inshootlarni, shu jumladan, transport va energetika sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvga erishildi.