LONDON, 10-fevral. /"Dunyo" AA/. Britaniyaning nufuzli "Hertfordshire Press" noshirlik uyi iste'dodli o'zbek yozuvchisi Gulchehrabegim Mahmudovaning "Buyuk ipak yo'li afsonalari: zamon ruhi sarguzashtlari" nomli yangi kitobining taqdimotini o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ingliz tilida yozilgan ushbu adabiy sayohatnoma yosh kitobxonlar va ularning ota-onalarini tarix sehrini kashf etishga va dunyodagi eng yirik savdo yo'llaridan biri kesib o'tgan qadimiy manzillar bilan tanishish imkoniyatini taqdim etadi.
To'rt qismli turkumning birinchi kitobida yosh qahramonlar Buyuk ipak yo'li bo'ylab unutilmas sayohatga otlanishadi. Ular o'z sarguzashtlarini qadimiy Xivada boshlaydilar. Shuningdek, malika To'maris va buyuk astronom Mirzo Ulug'bek bilan uchrashadilar.
Hikoyalarga interaktiv yondashuv kitobni yosh kitobxonlar uchun ayniqsa qiziqarli qiladi. Chunki qahramonlar tarixiy sirlarni ochadi, qadimiy joylarni o'rganadi hamda qadimiy muhitda yashaydi. Chiroyli rasmlar hikoyani yanada jonlantirgan. Suratlarda qadimiy shaharlar, Sharq bozorlari va bepoyon cho'llar muhiti aks ettirilgan.
"Bu hikoyalar shunchaki hayajonli sarguzashtlar emas, ular jasorat, do'stlik, birdamlik va madaniy merosni asrash kabi chuqur saboqlarni o'z ichiga oladi", dedi britaniyalik taniqli jurnalist va rejissyor Kristian Gessl.
"Buyuk ipak yo'li afsonalari: zamon ruhi sarguzashtlari" kitobining nashr etilishi bolalar va o'smirlar adabiyotida Markaziy Osiyoning boy tarixiy va madaniy merosini o'rgani hamda uni xalqaro kitobxonlarga yetkazishga muhim manba bo'lib xizmat qiladi.