Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
"Lonely Planet" jurnali: Farg'ona vodiysi, ko'p asrlik ipak to'qish, kulolchilik va hunarmandchiligi bilan mashhur - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

"Lonely Planet" jurnali: Farg'ona vodiysi, ko'p asrlik ipak to'qish, kulolchilik va hunarmandchiligi bilan mashhur



LONDON, 12-fevral. /"Dunyo" AA/. Britaniyaning "Lonely Planet" jurnalining bosma va elektron nashrida Farg'ona vodiyning turizm imkoniyatlariga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muallif Pola Xotti o'z maqola muqaddimasida yozganidek, Sharqiy O'zbekistondagi serhosil hudud bo'lgan Farg'ona vodiysi qadimiy Ipak yo'li yo'lidagi ahamiyati, ko'p asrlik ipak to'qish, kulolchilik va hunarmandchiligi bilan mashhur. Marg'ilon, Rishton, Andijondagi bozor va hunarmandchilik ustaxonalariga tashrif buyurib, siz qadimiy milliy ruhni his qilishingiz va o'zbek xalqining an'analari haqida to'liq ma'lumotga ega bo'lishingiz mumkin, deb ta'kidlangan nashrda.

 

Qayd etilganidek, shimoliy Tyan-Shan va janubiy Hisor-Oloy tog' tizmalari oralig'ida joylashgan, go'zal manzarali vodiy qadimdan o'zbek madaniyati va dehqonchiligining "yuragi" hisoblangan.

 

Bugungi kunda Farg'ona vodiysi O'zbekistonning aholi eng zich joylashgan va zamonaviy hududlaridan biridir. Farg'ona vodiysiga tashrif buyurish uchun eng qulay vaqt bahor va kuz fasllari hisoblanadi.

 

"Atigi uch kun ichida siz Qo'qondagi Xudoyorxon saroyidan tortib, Marg'ilonning ipak merosi va Rishtonning mashhur kulolchilik buyumlarigacha bo'lgan hududning asosiy diqqatga sazovor joylari bilan tanishishingiz mumkin. Ammo bu maftunkor hududni chuqurroq o'rganish uchun yana bir necha kun ajrating va O'zbekistonning eng qadimiy shahri va vodiyning tarixiy darvozasi bo'lgan Andijonga boring", – deya mushtariylarga o'z tavsiyalarini bildirgan muallif.

 

Farg'ona vodiysining sharqiy qismida joylashgan Andijon O'zbekistondagi eng qadimiy shaharlardan biri bo'lib, uning tarixi IX asrga borib taqaladi. Boburiylar sulolasi asoschisi Zahiriddin Muhammad Boburning tug'ilgan joyi sifatida tanilgan Andijon tarix va zamonaviylikning ajoyib uyg'unligi namunasidir. Bu shaharda siz zamonaviy savdo markazlari va restoranlar, an'anaviy bozorlar va qadimiy madrasalarni ko'rishingiz mumkin.

 

"O'zbekistonga birinchi tashrifimda Samarqandda ko'zni qamashtiruvchi ro'mol va kiyimlar kiygan bir guruh ayollar bilan uchrashgan edim. Yo'lboshchimiz ularning Marg'ilondan, ya'ni qadimdan beri ajoyib ipak ishlab chiqaradigan shahardan ekanliklarini ma'lum qildi. Keyinchalik Marg'ilonga borish imkoniga ega bo'lganimda, birinchi to'xtash joyim "Yodgorlik" ipak kombinati bo'ldi. Ekskursiya davomida xonatlas tayyorlashning murakkab jarayoni bilan bevosita tanishdik",– deb yozilgan nashrda.

 

Pola Xotti, shuningdek, vodiyning eng muhim markazlaridan biri – Namangan viloyatiga doir ma'lumotlarni ham o'quvchilar e'tiboriga taqdim qiladi. "O'zbekistondagi aholi soni bo'yicha uchinchi shahar bo'lgan Namangan Farg'ona vodiysining Shimol tomonida joylashgan. Bu yerda siz liboslarida o'zbek milliy an'analarini saqlab qolgan go'zal va chiroyli xotin-qizlarni har qadamda uchratishingiz mumkin", – deya qayd etgan sayohatchi jurnalist.