
Maʼlumki, 2025-yil 19-21-may kunlari Termiz shahrida "Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish" mavzusiga bag‘ishlangan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Ushbu uchrashuvda dunyo siyosatining diqqat markaziga aylanib borayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari tashqi siyosiy idora vakillari bilan birga BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari, MDH, SHHT, OHICHK hamda sohalar bo‘yicha yetuk mutaxassislar hamda ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Markaziy va Janubiy Osiyo azaldan ishonchli savdo yo‘llari orqali bog‘langan, Yaqin Sharq, Yevropa va Xitoy mamlakatlari uchun ko‘prik vazifasini o‘tagan. Ushbu hududdagi xalqlar tarixiy va sivilizatsiyaviy umumiylikka ega bo‘lib, o‘tmishda ular umumiy davlat tuzilmalari, shuningdek, yagona siyosiy, iqtisodiy va gumanitar makon bo‘lib kelgan. Ikki mintaqa o‘rtasidagi aloqalar ko‘p asrlar davomida ko‘plab migratsiya oqimlari, jadal savdo almashinuvlari, ilmiy g‘oyalarning tez tarqalishi va madaniy o‘zaro taʼsir bilan mustahkamlangan.
Hududlarda zardushtiylik, hinduiylik, buddaviylik va islom dinlarining tarqalishi, o‘ziga xos xalq urf-odatlari tufayli o‘ziga xos etnomadaniy birliklar shakllanib, insoniyat tarixida chuqur iz qoldirgan.
Ushbu hududda yashagan halqlarning o‘tmishda Baqtriya va Kushon podsholigi, Turk xoqonligi, Xuroson va Movarounnahr, G‘aznaviylar, Temuriylar, Boburiylar kabi umumiy davlatlar tarkibida yashaganligi tarixiy, madaniy va siyosiy jihatdan rivojlanishiga ulkan taʼsir ko‘rsatgan. Umumiy urf-odatlar, anʼanalar, aholining turmush tarzi, bayramlar shakllanib, fors, turk va arab tilidagi maʼnaviy boyliklar yaratilgan. Buxoro, Samarqand, Termiz, Balx, Xirot, G‘azna, Agra, Dehli kabi o‘rta asr shaharlari ilm-fanning umumiy markazlari bo‘lgan.
Mustamlakachi davlatlarning o‘zaro raqobati Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlarining uzoq yillar davomida shakllangan anʼanaviy aloqalari, savdo, madaniyat almashinuviga salbiy tasir ko‘rsatdi. Janubiy Osiyoda savdo-iqtisodiy aloqalar o‘zgardi, mahalliy taʼminot zanjirlari, yirik sanoat va iqtisodiyot tarmoqlari mintaqaviy bo‘lmagan taʼminotga bog‘liq bo‘lib qoldi. Mazkur voqealar Janubiy va Markaziy Osiyo anʼanaviy madaniy aloqalarini zaiflashtirdi.
Bugungi kunga kelib esa mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka tahdid solayotgan mavjud muammolarni birgalikda hal qilish mamlakatlarining ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy rivoji uchun muhim omillardan biridir. Shu sababli ularning bir-birlari bilan tarixiy yaqin aloqalarini qayta yo‘lga qo‘yishning dolzarbligi ortib bormoqda. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqoti tashkil etilmoqda.
Muloqot uchun tanlangan joy bu shaharning geostrategik joylashuvi, Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasida, yaʼni mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikning yo‘llari kesishgan nuqtada joylashganligi bilan bog‘liq. Xususan, Termiz azaldan savdo, iqtisodiyot, hunarmandchilikning jozibador markazi, Markaziy va Janubiy Osiyoning ulkan mintaqalari o‘rtasidagi bog‘lovchi nuqta bo‘lib kelgan. Shu sababdan shaharni geosiyosiy nuqtai nazardan Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi “tabiiy ko‘prik”, tarixiy joylashuvi va madaniy merosi orqali mintaqa xalqlarini yaqinlashtirish uchun eng maqbul maskan, deb hisoblash o‘rinlidir.
Hozirgi kunda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari global ahamiyatga ega hudud bo‘lib, aholisi 2 milliarddan ortiq va ulkan taʼlim salohiyatiga yega. Mintaqada demografik o‘sish yuqori, aholining katta qismi yoshlardan iborat bo‘lib, intellektual salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud. Jaubiy Osiyo davlatlarining aholisi 2 mlrd atrofida bo‘lsa, Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy aholisi taxminan 82 million kishini tashkil etmoqda va ularda aholi yil sayin o‘sib bormoqda. Mamlakatlar savodxonlik darajasi bo‘yicha nomutonosiblikni ko‘rish mumkin. Masalan, Markaziy Osiyodagi jahonning yetakchi davlatlari qatorida, kattalar o‘rtasida o‘rtacha savodxonlik 99 foizni tashkil etishi bilan izohlansa, Janubiy Osiyoda savodxonlik darajasi o‘rtacha 74 foizni tashkil etadi.
Taʼlim sifatining notengligi, maktabgacha va oliy taʼlimga yetarli qamrovning mavjud emasligi, ayniqsa, qiz bolalar va chekka hududlardagi aholi o‘rtasida taʼlim imkoniyatlarining kamligi dolzarb muammolardan sanaladi. Janubiy Osiyoda yoshlar ishsizligi yuqori darajada saqlanib turibdi, ayrim davlatlarda bu ko‘rsatkich 40 foizdan oshib ketgan. Shu bilan birga, ayollar ish bilan bandligi ko‘rsatkichi ham jahon bo‘yicha eng past darajalardan biridir. Bundan tashqari, taʼlim tizimlarining infratuzilmasi yetarlicha rivojlanmagan, mutaxassislar yetishmasligi va o‘qituvchilarning malakasi ham qator muammolarni keltirib chiqaradi.
Shu jihatdan qaraganda, fan va taʼlim sohasidagi hamkorlik dolzarb bo‘lib bormoqda. Raqamlashtirish va geosiyosiy beqarorlik sharoitida ilmiy hamkorlik akademik doiralar o‘rtasida muloqotni davom ettirishga imkon beradi. Shu bilan birga, cheklangan akademik mobillik va ilmiy jamoalar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishning zaifligi davlatlarning fan, innovatsiya va texnologiyalar sohasidagi salohiyatini rivojlantirishga sezilarli darajada to‘sqinlik qilmoqda.
Shu munosabat bilan qo‘shma tadqiqotlar va innovatsiyalarni, ilmiy va o‘quv amaliyotlarini tashkil yetishni, tajriba almashish dasturlarini, startaplar va tanlovlarni ishlab chiqishni rag‘batlantirish zarur.
YUNESKO shafeligida ilmiy va ilmiy almashinuvlarning qo‘shma dasturini qabul qilish dolzarb bo‘lib bormoqda. Shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlaridagi universitetlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida onlayn platformani ishga tushirish zarur.
Bu ilmiy diplomatiyaning barqaror mintaqaviy tarmog‘ini yaratishga, taʼlim va texnologiyalar sohasida umumiy kun tartibini shakllantirishga, shuningdek, yagona ilmiy makonning paydo bo‘lishiga yordam beradi.
Yuqoridagi qadamlar ilmiy diplomatiyani rivojlantirish uchun kuchli vosita bo‘lib xizmat qiladi, bu yesa ikki mintaqa mamlakatlari o‘rtasida hamkorlik qilish imkonini beradi.
Markaziy va Janubiy Osiyodagi intellektual resurslarni uyg‘unlashtirish, taʼlim sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish va taʼlim sifatini yaxshilash bo‘yicha hamkorlik platformalarini rivojlantirish mintaqa kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega. Demografik salohiyatni inson kapitaliga aylantirish har ikki mintaqa uchun ham barqaror taraqqiyot, iqtisodiy o‘sish va global raqobatda munosib o‘rin egallashning asosiy sharti hisoblanadi. Shu munosabat bilan mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida taʼlimni rivojlantirish, turli mamlakatlarda tajriba almashish va o‘qitish uchun sheriklik aloqalarini rivojlantirish juda dolzarb hisoblanadi.
Mintaqadagi davlatlar jumladan, Hindiston va Janubiy Osiyoning boshqa davlatlari so‘nggi o‘n yilliklarda ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida jahon hamjamiyatida tobora sezilarli o‘rin egallab bormoqda. Ayniqsa, Hindistonda axborot texnologiyalari, aeronavtika, dori-darmon ishlab chiqarish va sunʼiy intellekt kabi sohalar jadal surʼatlarda rivojlanmoqda. Masalan, “ISRO” — Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti 2014 yilda Mars orbitasiga sunʼiy yo‘ldosh chiqargan birinchi Osiyo mamlakati sifatida tarixga kirgan. 2023 yilda esa “Chandrayaan-3” loyihasi doirasida Oy yuzasiga muvaffaqiyatli qo‘nish amalga oshirildi. Bu natijalar mamlakatning ilm-fan sohasidagi mustaqil va innovatsion imkoniyatlarini namoyon etadi.
Axborot texnologiyalari sohasida esa Hindiston dunyodagi eng yirik IT autsorsing markazlaridan biriga aylangan. Bangalor, Haydarobad, Pune va Chennay kabi shaharlar Google, Microsoft, Amazon, IBM, Oracle va boshqa ko‘plab transmilliy korporatsiyalarning asosiy markazlari joylashgan hududlarga aylangan. Mamlakatda har yili texnik va texnologik sohalarda millionlab mutaxassislar tayyorlanmoqda. Hindistonda oliy taʼlim muassasalari orasida Indian Institutes of Technology (IITs) va Indian Institutes of Science (IISc) kabi nufuzli ilmiy markazlar mavjud bo‘lib, ular dunyo reytinglarida ham yuqori o‘rinlarni egallamoqda. Aytish joizki, mamlakatda sunʼiy intellekt, biomuxandislik, kvant hisoblash va kiberxavfsizlik kabi sohalarda ilmiy tadqiqotlar keng quloch yoygan.
Pokistonda ham ilm-fan sohasida ilgarilash kuzatilmoqda, ayniqsa yadro energiyasi va harbiy texnologiyalar sohasida salohiyat yuqori darajada. Mamlakatning ilm sohalaridagi taraqqiyotida “COMSATS” universiteti va “Pakistan Institute of Engineering and Applied Sciences” (PIEAS) kabi markazlar muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, IT va kiberxavfsizlik sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida davlat miqyosida dasturlar qabul qilinmoqda.
Bangladeshda to‘qimachilik va yengil sanoat bilan bir qatorda axborot texnologiyalari ham taraqqiyot yo‘lidan bormoqda. Mamlakatda “Digital Bangladesh” strategiyasi asosida elektron hukumat, raqamli va masofaviy taʼlim, onlayn xizmatlar keng joriy etilgan. 2021 yilda Bangladeshda 120 dan ortiq IT parklari tashkil etildi va bu mamlakatning raqamli iqtisodiyotga o‘tishdagi intilishini namoyon etadi.
Afg‘onistondagi ilmiy va texnologik salohiyat hozircha cheklangan bo‘lib, siyosiy barqarorlik bilan bog‘liq muammolar uning rivojini sekinlashtirmoqda. Shunga qaramasdan, mamlakatdagi ayrim universitetlar va taʼlim muassasalari, ayniqsa Qobul universiteti, turli xalqaro taʼlim tashkilotlari yordamida ilm-fan sohasidagi loyihalarda ishtirok etib kelmoqda.
Shu munosabat bilan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida raqamli o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha qo‘shma strategiyani ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu hujjatni qabul qilish savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish, taʼlim va sog‘liqni saqlash sohalariga yetish imkoniyatini yaxshilash, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda jahon maydonida raqobatbardoshlikni oshirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining raqamli iqtisodiyotni keng joriy etish borasidagi saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish hayotning barcha sohalarida raqamlilashtirish jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, bu aholi uchun Internetga xavfsiz kirish imkonini taʼminlashga qaratilgan BMTning BRM (Barqaror Rivojlanish Maќsadlari) tashabbusini amalga oshirishni ilgari surib, taʼlim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘l ochadi.Umuman olganda, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida raqamli o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirish har ikki mintaqa uchun katta iqtisodiy va ijtimoiy foyda keltiradi, savdo-iqtisodiy, energetik va transport aloqalarini kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi hamda ushbu mintaqadagi davlatlarning jahon sahnasida raqobatbardoshligini oshiradi.
Umuman olganda, Termiz muloqoti — bu Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni bugungi geosiyosiy va sivilizatsion o‘zgarishlar jarayonida yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim tashabbusdir.Ayniqsa, taʼlim, ilm-fan va yangi texnologiyalar sohalarida bu muloqot ikki mintaqaning intellektual salohiyatini uyg‘otish, birlashtirish va kengaytirish imkoniyatini yaratadi. Chunki har ikki mintaqada aholining katta qismi yoshlardan iborat bo‘lib, ularning taʼlimga qiziqishi yuqori, ilmiy izlanishlarga qobiliyatli, raqamli texnologiyalarga tez moslasha oladigan avloddir.
Bugungi kunda Hindiston, Pokiston va Bangladesh singari davlatlar axborot texnologiyalari, biotexnologiya, yadro fizikasi, tibbiyot va sunʼiy intellekt sohalarida jahon darajasidagi yutuqlarga erishgan bo‘lsa, O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari ham ilmiy infratuzilmalarni yangilash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy taʼlim loyihalarini joriy etish borasida faol harakat qilmoqda. Termiz muloqoti ana shu tajriba va yutuqlarni birlashtirish, talabalar va olimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy markazlar tashkil etish, IT va STEM sohalarida startap va innovatsiya platformalarini yaratish uchun benazir imkoniyatdir.
Bu muloqot kelajakda mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashda, fan va taʼlim orqali tinchlik, taraqqiyot va intellektual rivojlanishga zamin yaratishi bilan katta tarixiy ahamiyat kasb etadi. Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘zaro ishonch va mushtarak kelajak tamoyili asosida, taʼlim va ilm-fan sohalarida integratsiyalashuv orqali butun Yevroosiyo makonida yetakchi intellektual markazga aylanish salohiyatiga egadir.