Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
«London Post»: Beruniyning astronomiya, matematika va falsafaga qo'shgan hissasi jahon olimlarini ilhomlantirishda davom etmoqda - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

«London Post»: Beruniyning astronomiya, matematika va falsafaga qo'shgan hissasi jahon olimlarini ilhomlantirishda davom etmoqda



Buyuk Britaniyaning mashhur «London Post» onlayn yangiliklar portalida «Yangi media ta'lim markazi» direktori Beruniy Alimovning Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan maqolasi joylashtirildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

 Nashrda ta'kidlanganidek, Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy 973 yil 4 sentyabrda Xorazmning qadimiy poytaxti Kat shahrida tavallud topgan. Abu Rayhon Beruniyning tug'ilgan joyi, tarixiy Kat shahri O'zbekistonning hozirgi Beruniy tumani bilan aynan mos keladi. Ushbu geografik aloqa insoniyat tarixidagi eng buyuk aqllardan birining yorqinligini tarbiyalashda mazkur o'lkaning ahamiyatini ta'kidlaydi.

 

«Olimning xizmatlari turli fanlarni qamrab olgan va uning ta'siri O'zbekiston sarhadlaridan ancha uzoqqa cho'zilgan, deya qayd etgan muallif. - Biroq, Beruniyning jahon faniga qo'shgan shubhasiz hissasiga qaramay, ba'zi zamonaviy tarixchilar uni noto'g'ri, ataylab boshqa madaniyatlar vakili sifatida joylashtirishga harakat qilishadi. Biroq, bu tarixiy faktlarga ziddir».

 

Yoshligida ota-onadan yetim qolgan Beruniy beqiyos aqliy jasorat ko'rsatdi. Kat va Qo'rg'ondagi muhtasham saroylarda o'sgan, keyinchalik Ma'mun shahridagi Sulton Mahmud saroyida istiqomat qilgan va u yerda taniqli olimlarni jamlagan akademiyaga rahbarlik qilgan. Sulton Mahmud bilan birga Hindistonga qilgan sayohatlari uning dunyoqarashini kengaytirib, boy bilim bazasiga sezilarli hissa qo'shgan.

 

«Abu Rayhon Beruniy tarix, geografiya, filologiya, astronomiya, matematika, geodeziya, mineralogiya kabi turli sohalarda a'lo darajadagi bilimdon bo'lgan. Uning «Qadimgi xalqlar xronologiyasi («Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar»)» nomli asosiy asari turli sivilizatsiyalarning keng qamrovli tadqiqoti bo'lib, ularning tizimlari va tuzilmalari haqida batafsil tushuncha beradi. Beruniyning «Munajjimlik san'atidan boshlang'ich tushunchalar» nomli astronomik risolasida esa olimning ayni sohadagi izlanishlari jamlangan», - deb ta'kidlangan materialda.

 

Beruniyning Hindistonga qilgan keng ko'lamli sayohatlari natijasida «Shaharlarning geografik koordinatalari uzunlama va kenglamalarini aniqlash» nomli monumental asari uning sinchkovlik bilan astronomik kuzatishlarini ochib beradi.

 

Nashrda yozilganidek, olimning «Kitob al-qonun al-Mas'udiy» nomli shoh asari osmon jismlarini boshqaradigan qonunlarni tasvirlovchi astronomiyaning asosiy matniga aylandi. Beruniyning samoviy jismlarning joylashuvi, Quyosh va Oy yillarining uzunligi, Yerning aylanishi haqidagi tadqiqotlari uning koinotni chuqur anglaganligini ko'rsatadi.

 

«Abu Rayhon Beruniyning zabardastligi zamonlardan zamonlarga oshib, uning merosi bugungi O'zbekistonning intellektual boyligidan dalolat beradi. Shuningdek, Beruniyning astronomiya, matematika va falsafaga qo'shgan hissasi jahon olimlarini ilhomlantirishda davom etmoqda. Uning ishi nafaqat ilmiy tushunchalarni rivojlantirdi, balki asrlar davomida aks-sado beradigan qiziquvchanlik va izlanish ruhini ham oshirdi. Beruniy merosi O'zbekiston uchun faxr va iftixor manbai bo'lib, uning ilm olamiga ta'siri ma'rifat chirog'i sifatida davom etmoqda», - deb yozgan «London Post».