O'zbekiston elchisi Ravshan Usmonov kecha Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik departamenti direktori Kris Allan bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Suhbat davomida Britaniya tomoniga Yangi O'zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli o'zgarishlar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.
Tomonlar O'zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari xususida fikr almashdi.
Yuqori va oliy darajadagi siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi o'zaro aloqalarni diversifikatsiya qilish, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Tomonlar yuqoridagi yo'nalishlarda hamkorlikni kengaytirish bo'yicha mavjud salohiyatni ro'yobga chiqarish bo'yicha amaliy chora-tadbirlarni muhokama qilish maqsadida diplomatik aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.