
O'zbekistonning Londondagi elchixonasida Buyuk Britaniyaning "Transindus" yirik turistik kompaniyasi asoschisi va boshqaruvchi direktori Amrit Singx bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Uchrashuv davomida kompaniya asoschisi bilan Britaniyadan O'zbekistonga sayyohlar oqimini ko'paytirish, mamlakatimiz turistik imkoniyatlari va yangi yo'nalishlarini hamkorlikda keng ommaga yetkazishda targ'ibot-tashviqot ishlarini olib borish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog'ida Amrit Singx mamlakatimizda turizm sohasida olib borilayotgan islohotlar, yangi turistik majmualar, 90 dan ortiq davlatlar uchun vizasiz kirish tizimi hamda London va Toshkentni bog'lovchi to'g'ridan-to'g'ri parvozlarning mavjudligini ta'kidlab o'tdi.
Muzokaralar natijasida joriy yilda kompaniya tomonidan 2500 nafar Britaniyalik sayyohlarni O'zbekistonga yuborish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida 1-4-fevral kunlari Londondagi "Destinations – the Holiday and Travel show" turizm yarmarkasida O'zbekiston sayyohlik salohiyatini targ'ib qilish hamda elchixonada Britaniya turkompaniyalari va OAV vakillari uchun "Uzbekistan – your next destination" shiori ostida ko'rgazma tashkil etishga kelishildi.
Ma'lumot uchun, "Transindus" sayyohlik kompaniyasi 1989 yilda tashkil topgan bo'lib, asosan Osiyo yo'nalishi bo'ylab turistik guruhlarni tashkil etishga va yuborishga ixtisoslashgan.