O'zbekiston elchixonasida ziyorat turizmiga ixtisoslashgan Buyuk Britaniyaning «Halal travel guide» sayyohlik kompaniyasi ijrochi direktori Sumayya Hamdi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Britaniyaning «Halal travel guide» sayyohlik kompaniyasi 2017-yilda tashkil etilgan. Turoperator asosan 25-41 yoshgacha bo'lgan sayyohlarni qamrab oladi.
Muloqot chog'ida O'zbekiston ziyorat turizmi salohiyatini Buyuk Britaniyadagi musulmon ommasi orasida keng targ'ib qilish, turizm kontentlarini hamda sayyohlar uchun qiziqarli va yangi manzillar bo'yicha dasturlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Sumayya Hamdi Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi islom madaniy obidalari, maskanlari hamda so'nggi yillarda ziyoratchi sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklar Buyuk Britaniya musulmon vakillari uchun shubhasiz, katta qiziqish uyg'otayotganini ta’kidladi.
Bo'lib o'tgan uchrashuv yakunida 2024-yilda mazkur sayyohlik kompaniyasi ko'magida O'zbekistonga 500 dan ortiq britaniyalik turistlarni jalb qilishga hamda 24-25-fevral kunlari muntazam ravishda London shahrida tashkil etiladigan «Find your next halal destination» yarmarkasida «O'zbekiston 2024-yilda musulmon sayohatchilar uchun eng yaxshi yo'nalish» mavzusida ma’ruza bilan qatnashish va hamkorlikda O'zbekiston milliy stendini tashkil etish to'g'risida kelishuvga erishildi.