Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
London shahrida O'zbekiston va Buyuk Britaniya parlamentlari o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

London shahrida O'zbekiston va Buyuk Britaniya parlamentlari o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi



Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Buyuk Britaniyada bo'lib turibdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Parlament yuqori palatasi ma'lumotiga ko'ra, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva London shahrida Buyuk Britaniya Parlamentining Lordlar palatasi spikeri Jon MakFoll bilan uchrashdi.

 

O'zbekiston va Buyuk Britaniya o'rtasidagi siyosiy-diplomatik muloqotni kengaytirish, parlament diplomatiyasini faollashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalarga yangi tus berish hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar muzokaraning asosini tashkil etdi.

 

Dastavval, keyingi yillarda O'zbekistonda inson huquq va manfaatlarini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jamiyatni yanada demokratlashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni rivojlantirishga qaratilgan "O'zbekiston – 2030" strategiyasi yuzasidan batafsil ma'lumotlar berildi.

 

Suhbat chog'ida davlatlarimiz o'rtasida iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishga ustuvor masala sifatida qaralishi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish mamlakatlarimiz uchun manfaatli ekani, bunda O'zbekiston-Britaniya investitsiya forumi ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlarini rivojlantirish uchun samarali platformaga aylangani alohida ta'kidlab o'tildi.

 

O'zaro investitsiyalarni jalb etish, iqtisodiyotning turli tarmoqlari o'rtasidagi aloqalar ko'lamini kengaytirish, ta'lim, texnologiyalar sohasida hamkorlikni kuchaytirish borasida ikki davlat parlamentlari imkoniyatlaridan keng foydalanish yuzasidan fikr almashildi. 

 

Buyuk Britaniya va O'zbekistonda, umuman, jahonda ro'y berayotgan o'zgarishlarni hisobga olgan holda parlamentlararo muloqotni faollashtirishga alohida e'tibor qaratildi.

 

Xususan, qonunlarni qabul qilish, parlament nazoratini amalga oshirish yo'nalishlarida tajriba almashish, o'zaro aloqa va yaqin munosabatlarni mustahkamlash uchun ikki mamlakat parlamentlari a'zolarining tashriflarini amalga oshirish, shuningdek, xalqaro parlament tuzilmalari, doirasida konstruktiv hamkorlikni yo'lga qo'yish zarurligi qayd etildi.

 

Uchrashuv yakunida o'tkazilgan muzokara va erishilgan kelishuvlar natijalaridan kelib chiqib, hamkorlik bo'yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi.