Britaniyaning "The cricketer" gazetasi veb-saytida O'zbekistonda kriket sport turining rivojlanishiga bag'ishlangan "Global o'yin" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"O'zbekistonning Londondagi elchixonasiga kirganingizda ko'zingiz birinchi navbatda devorda osilib turgan boburiylar sulolasi asoschisi Bobur portretiga tushadi. Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yilda hozirgi O'zbekiston tarkibiga kiruvchi Andijonda tug'ilgan. Bobur va uning avlodlari Afg'oniston, Pokiston, Hindiston va Bangladeshning katta qismida asrlar davomida hukmronlik qilgan. Ushbu mintaqaga polo — kriket o'yini shu yo'sinda kirib kelgan".
Maqola muallifining yozishicha, Markaziy Osiyoda, xususan O'zbekistonda kriketning paydo bo'lishiga ikkita alohida, ammo o'zaro bog'liq qarashlar mavjud. Birinchisi, tibbiyot tizimi odatda yaxshi va o'qish to'lovlari Hindistonga qaraganda ancha arzon bo'lgan mintaqa mamlakatlaridagi universitetlarda hind talabalarining borligidir. Ikkinchi omil afg'on xalqi tomonidan kriketga bo'lgan qiziqishning yuqoriligi deyishimiz mumkin. Chunki, ikkala davlat ham chegaradosh va ko'plab madaniy aloqalarga ega. Bu ham kriketning O'zbekistonda rivojlanishiga ta'sir ko'rsatgan bo'lishi mumkin.
"O'zbekistonda ayollar sport bilan faol shug'ullanishi, jumladan, kriket o'ynashi uchun erkaklar bilan teng imkoniyatlarga ega. 2022-yilda O'zbekiston Kriket federatsiyasi Xalqaro kriket kengashiga a'zo bo'ldi. Shuningdek, O'zbekiston Osiyo kriket kengashiga qo'shilish uchun ham ariza topshirgan. Ayni paytda mamlakatda 100 nafar murabbiy tegishli tayyorgarlikdan o'tgan", — deya qayd etilgan nashrda.
Ma'lum qilinishicha, O'zbekiston kriketchilari Pokiston va Singapurdagi Milliy kriket akademiyasida tajriba oshirgan.
"O'zbekistonda 253 ta sport kolleji mavjud bo'lib, ularda Olimpiya o'yinlari dasturidan o'rin olgan sport turlari o'qitiladi. O'zbekiston Kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyevning aytishicha, mamlakatda kriket bilan professional darajada shug'ullanadigan sportchilar sonini 600 dan 10000 gacha oshirish mumkin. Olimpiya sport turlari qatoriga kirgan kriket O'zbekiston nomini xalqaro maydonda yanada yuksaltirishga xizmat qiladi", — deb yozgan "The cricketer".