Mamlakatimiz elchixonasi ko'magi O'zbekiston Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi, "Zamin" xalqaro jamoat fondi va Britaniyaning Chelsi jamoat kasalxonasi maktabi rahbariyati o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot joriy yil 12-mart kuni O'zbekistonning Londondagi elchixonasi tomonidan Chelsi jamoat kasalxonasi maktabiga uyushtirilgan tashrifning mantiqiy davomi bo'ldi.
Tadbirda O'zbekiston maktabgacha va maktab ta'limi vazirining birinchi o'rinbosari Usmon Sharifxodjayev, "Zamin" xalqaro jamoat fondi ijro etuvchi organ rahbari Tamila Aliyeva, elchi Ravshan Usmanov, "Mehrli maktab" direktori Nigora Alimova, xorijiy tomondan esa "CCHS" direktori Janett Stil va dasturlar bo'yicha menejeri Robin Vinter qatnashdi.
Uchrashuv chog'ida Usmon Sharifxodjayev Britaniya tomoniga Yangi O'zbekistonda ijtimoiy sohada, jumladan, xalq ta'limi tizimida inklyuziv ta'limni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida ma'lumot berildi.
"CCHS" vakillari "Zamin" xalqaro jamoat fondi tomonidan ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishtirildi. Xususan, xorijiy tomon e'tiboriga O'zbekistonda davolash pedagogikasini rivojlantirish bo'yicha ilk loyiha – "Mehrli maktab" haqida batafsil taqdimot va videorolik taqdim etildi.
O'z navbatida, Janett Stil respublikada uzoq muddat davolanayotgan bolalar uchun to'laqonli, to'siqlarsiz ta'lim muhitini yaratish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi.
"O'zbekistonda bemorlarning to'xtovsiz davolanishiga imkon beruvchi maktablarning tashkil etilgani alohida hurmat va e'tirofga sazovor", – dedi u.
"CCHS" rahbariyati, shuningdek, O'zbekistonda davolash pedagogikasini rivojlantirish, xususan "Mehrli maktab" faoliyatini yanada takomillashtirish yo'nalishida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda "Zamin" xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida "CCHS" rahbariyati va mutaxassislarining respublikada davolash pedagogikasini rivojlantirish va "Mehrli maktab" faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida O'zbekistonga shu yil may oyida tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.
1989-yilda tashkil etilgan "CCHS" sog'lig'i yoki ruhiy kasalliklar tufayli oddiy maktabga bora olmaydigan 4 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan bolalar va o'smirlarga ixtisoslashtirilgan ta'lim xizmatlarini taqdim etadi.
"CCHS"ning Buyuk Britaniyada 6 ta filiali mavjud bo'lib, ularda 72 nafar o'quvchi tahsil olmoqda. Maktablar bolalarga klinik sharoitda milliy imtihondan o'tish imkoniyatini taqdim etadi.