Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O'zbekistonda "yashil" energiyaga o'tish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar Britaniya OAV diqqat markazida - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

O'zbekistonda "yashil" energiyaga o'tish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar Britaniya OAV diqqat markazida



LONDON, 15-noyabr. /"Dunyo" AA/. Britaniyaning "London Post" yangiliklar portalida "O'zbekistonda "yashil" energiyaga o'tish istiqbollari" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar beradi "Dunyo" AA muxbiri.

 

Unda so'nggi yillarda O'zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va "yashil" energetikani rivojlantirishga qiziqish barqaror ortib borayotgani, bu hukumatning barqaror rivojlanish va ekologik xavfsizlikni ta'minlash sohasidagi strategik ustuvor yo'nalishlari bilan bog'liq ekanligi qayd etilgan.

 

"O'zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlari hukumat qarorlariga muvofiq amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2022-yil 21-fevralda "2030-yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qaror qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi manbalardan olinadigan energiya ulushini mamlakat energetika balansida sezilarli darajada oshirish va energiya samaradorligi ko'rsatkichlarini ikki baravar oshirish hisobiga BRMga erishish bo'yicha chora-tadbirlar tasdiqlandi", – deb yozgan muallif.

 

Portalda, shuningdek, O'zbekiston "yashil" energiya, qayta tiklanadigan energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish bo'yicha ulkan rejalarga ega ekanligi, ularning umumiy energiya balansidagi ulushini sezilarli darajada oshirishga intilayotgani alohida ta'kidlangan.

 

Qayd etilishicha, quyosh va shamol stansiyalarini yuqori samarali panellar va energiya saqlash tizimlari kabi zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda barpo etish energiya ta'minotini barqarorlashtirish va eng yuqori cho'qqilarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish imkonini beradi.

 

Maqola xulosasida, "Mamlakat barqaror energetika kelajagiga intilmoqda, bu nafaqat uning ichki ehtiyojlarini qondiradi, balki unga Markaziy Osiyo energetika bozorida muhim ishtirokchiga aylanish imkonini ham beradi", – deb yozilgan.