REYKYAVIK, 10-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov (qarorgohi London shahrida joylashgan) Islandiya tashqi ishlar vazirining o'rinbosari Martin Eyolfsson bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Islandiya tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni yuqori baholadi va ikki davlat o'rtasidagi aloqalarni barcha jabhalarda jadallashtirish bo'yicha tashabbuslarni qo'llab-quvvatladi.
Muloqot chog'ida savdo-iqtisodiy, siyosiy, investitsiyaviy va ta'lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari xususida fikr almashildi.
Energetika, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish, baliqchilik, turizm hamda atrof-muhitni muhofaza qilish kabi yo'nalishlarda sheriklikni yo'lga qo'yish, yurtimizda qo'shma loyihalarni amalga oshirishga e'tibor qaratildi.
O'zbekiston elchisi Reykyavik shahriga tashrifi davomida, shuningdek, Islandiyaning bir qator vazirlik va idoralari rahbarlari, ushbu mamlakatning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari bilan muzokaralar o'tkazdi.
Bo'lib o'tgan uchrashuvlar yakunida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish uchun mavjud salohiyatni to'liq ro'yobga chiqarish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.