LONDON, 14-fevral. /"Dunyo" AA/. Yurtimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Buyuk Britaniyaning "Intertek" kompaniyasi rahbariyati o'rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Suhbat davomida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning eksport hajmini oshirish maqsadida "Intertek" kompaniyasi bilan ularni xalqaro standartlar asosida sertifikatlash, yorliqlash va qadoqlash bo'yicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan yo'nalishlarda O'zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va "Intertek" kompaniyasi o'rtasida hamkorlik o'rnatishga kelishib olindi.
"Intertek Group plc" kompaniyasi 1885-yilda London shahrida tashkil etilgan. U o'tgan davr mobaynida neft va gaz, energetika, avtomobil sanoati, qurilish, elektronika, oziq-ovqat sanoati, tibbiyot va boshqa yo'nalishlarda mahsulot va xizmatlar sifatini nazorat qilish, xavfsizligini ta'minlash va standartlashtirish sohasida jahonda yetakchi bo'lib kelmoqda. Kompaniyaning 100 dan ortiq mamlakatlarda ofislari, laboratoriyalari va sertifikatlash markazlari bor.