
LONDON, 20-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmonov "Overseas Development Institute" ("ODI") tahlil markazining Global xavflar va barqarorlik dasturining geosiyosiy risklar bo'yicha katta maslahatchisi Olena Borodina bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Uchrashuvda hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari, xususan qo'shma ilmiy tadbirlar va tadqiqotlar o'tkazish, barqaror rivojlanish, ekologiya va iqlim siyosati sohasida ilmiy almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.
O'zbekiston – 2030" strategiyasini "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi, uning ustuvor yo'nalishlari va asosiy maqsadlariga alohida e'tibor qaratildi. "ODI" vakili O'zbekistonning bu boradagi tashabbuslarini yuqori baholadi.
Tomonlar joriy yilning 4-5 aprel kunlari Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan Birinchi Samarqand iqlim forumida "ODI" ekspertlarining faol ishtiroki to'g'risida kelishib oldilar.
Shuningdek, qo'shma loyihalarni amalga oshirish, mintaqada iqlim o'zgarishi, moslashish va barqaror rivojlanish masalalariga bag'ishlangan davra suhbatlari va seminarlar tashkil etishning muhimligi ta'kidlandi.
Uchrashuv yakunlari O'zbekiston va Buyuk Britaniyaning yetakchi tahlil markazlari o'rtasidagi sheriklikni mustahkamlashdan tomonlar manfaatdor ekanini tasdiqladi.