
LONDON, 27-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning "Wholefoods Glasgow" va "Foodasia" kompaniyalarining ijrochi direktori Muhammad Xon bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Wholefoods Glasgow" va "Foodasia" kompaniyalari Shotlandiyada joylashgan va boshqa mamlakatlardan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini Britaniya bozoriga import qilish bilan shug'ullanadi. Kompaniyalar oziq-ovqat mahsulotlarining ulgurji savdosi hisoblanadi.
Muloqot chog'ida mamlakatimizda yetishtirilgan qishloq xo'jaligi va ishlab chiqarilgan to'qimachilik mahsulotlarini Buyuk Britaniya bozoriga eksport qilishni yo'lga qo'yish hamda xorijiy hamkorlarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Qishloq xo'jaligi mahsulotlari sifatini oshirish, ta'minot zanjirini boshqarish, eksportni rag'batlantirish, mahsulotlarni eksport talablariga muvofiq qadoqlash va talab etiladigan standartlarga muvofiqligini ta'minlashga e'tibor qaratildi.
Muhammad Xon O'zbekistonda yetishtirilayotgan turli xil qishloq xo'jaligi mahsulotlarini Britaniya bozoriga olib kirish imkoniyatlarini ko'rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Ushbu yo'nalishlarda respublikadagi fermer va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchilar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, shu yilning 17-19-mart kunlari Londondagi "ExCel" xalqaro ko'rgazmalar markazida bo'lib o'tadigan "Xalqaro oziq-ovqat va ichimliklar forumi" (IFE) da O'zbekiston eksportchilari bilan muzokaralarni davom ettirish taklifi qo'llab-quvvatlandi.