Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O'zbekiston Buyuk Britaniya bilan uzoq muddatli davolanishga muhtoj bolalarni o'qitish tizimi bo'yicha hamkorlikni kengaytiradi - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

O'zbekiston Buyuk Britaniya bilan uzoq muddatli davolanishga muhtoj bolalarni o'qitish tizimi bo'yicha hamkorlikni kengaytiradi



LONDON, 25-fevral. "Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov London shahridagi Evelina bolalar shifoxonasi maktabi maslahatchisi Janett Stil bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Muloqot chog'ida Jannet Stil Yangi O'zbekistonda ijtimoiy sohada, jumladan, xalq ta'limi tizimida inklyuziv ta'limni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni yuqori baholadi.

 

U o'tgan yili 27-31-may kunlari O'zbekistonga qilgan tashrif va Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda "Zamin" xalqaro jamoat fondi rahbariyati bilan bo'lib o'tgan uchrashuvlarini mamnunlik bilan esga oldi.

 

Hamkorlikni davom ettirish maqsadida Jannet Stil joriy yil 12-16-may kunlari Dublin shahrida bo'lib o'tadigan Davolash pedagogikasi bo'yicha Yevropa tashkilotining ("Hospital Organisation of Pedagogues in Europe" – "HOPE") navbatdagi yig'ilishida O'zbekiston delegatsiyasini ishtirok etish uchun taklif etdi.

 

"HOPE" o'z faoliyatini 1988-yilda Lyublyanada (Sloveniya) birinchi Yevropa shifoxonalarida o'qituvchilar kongressini o'tkazishi munosabati bilan boshlagan. Tashkilotning asosiy maqsadi – davolanishda bo'lgan bolalar uchun mukammal va yuqori sifatli ta'limni ta'minlashdan iborat. "HOPE" yig'ilishlarida davolash pedagogikasini yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi, seminar va treninglar orqali sohadagi ilg'or tajriba almashinuvi amalga oshiriladi.

 

 Uchrashuv yakunida O'zbekiston vakillarining "HOPE" yig'ilishida ishtirok etish masalasini ishlab chiqish bo'yicha kelishuvga erishildi.

 

Evelina bolalar shifoxonasi maktabi 1949-yilda asosiy va qo'shimcha umumiy ta'lim dasturlari bo'yicha ta'lim muassasasi sifatida tashkil etilgan. Unda uzoq muddatli davolanishga muhtoj bolalar o'qitiladi.

 

Shuningdek, Janett Stil tomonidan 1989-yilda sog'lig'i yoki ruhiy kasalliklar tufayli oddiy maktabga bora olmaydigan 4 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan bolalar va o'smirlarga ixtisoslashtirilgan ta'lim xizmatlarini taqdim etuvchi Chelsi jamoat kasalxonasi maktabiga asos solingan.