
LONDON, 26-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniya Parlamenti Jamoatlar palatasi a'zoci, sobiq fan, texnologiyalar va innovatsiyalar vazirining o'rinbosari Jorj Friman bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Britaniya tomoni Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng-ko'lamli islohotlar va so'nggi yillar davomida respublikaning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida erishgan yutuqlar bilan tanishtirildi.
Britaniya Parlamenti a'zoci O'zbekistonda yuz berayotgan yangilanish va o'zgarishlarni ijobiy baholab, rasmiy London Toshkent bilan barcha jabhalarda ikki tomonlama aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta'kidladi.
Suhbat davomida parlamentlararo hamkorlikni yana-da kengaytirish, xususan Britaniya Parlamentining yangi a'zolari bilan munosabatlarni jadallashtirish masalalari xususida fikr almashildi.
Jorj Friman ikki davlat o'rtasida fan va innovatsiyalar sohalaridagi aloqalar muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidlab, ushbu yo'nalishda yangi loyihalar ishlab chiqish va ularni amalda tadbiq etishga amaliy yordam ko'rsatishga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuvda sun'iy intellekt, "yashil iqtisodiyot" va "aqlli" shaharlar sohalarida Britaniya tajribasidan foydalanib qo'shma ilmiy va innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun mavjud salohiyatni ro'yobga chiqarish bo'yicha amaliy muloqotni davom ettirish bo'yicha ahdlashildi.