
LONDON, 4-mart. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniyaning nufuzli "Diplomat" jurnalida O'zbekiston elchisi Ravshan Usmonov bilan suhbat chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Intervyuda mamlakatimizning muhim xalqaro tashabbuslari, jumladan, Samarqandda bo'lib o'tadigan iqlim bo'yicha konferensiya, muhim madaniy va yoshlar tadbirlari, shuningdek, O'zbekiston va Buyuk Britaniya o'rtasidagi hamkorlikning holati va istiqbollari haqida so'z yuritilgan.
Suhbatning asosiy mavzularidan biri shu yilning 4-5-aprel kunlari Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan "Markaziy Osiyo global iqlim muammolariga duch kelmoqda: umumiy farovonlik yo'lida birlashish" mavzusidagi Birinchi Samarqand iqlim forumi bo'ldi.
Qayd etilishicha, ushbu muhim voqea iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish va mintaqa davlatlarini yangi ekologik muammolarga moslashtirish strategiyalarini muhokama qilish uchun dunyoning yetakchi ekspertlari, siyosatchilari va ekologlarini birlashtiradi.
"Mazkur forum nafaqat muhokama maydoniga, balki barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha global yechimlarni ishlab chiqish yo'lidagi muhim qadam bo'ladi. Shuningdek, Markaziy Osiyoning iqlim bo'yicha global muloqotda faol ishtirok etishga tayyorligini namoyish etadi", – degan diplomatik missiya rahbari.
Intervyuda, shuningdek, joriy yil davomida O'zbekistonda bo'lib o'tadigan boshqa muhim xalqaro tadbirlarga ham e'tibor qaratilgan.
Suhbat so'nggida "O'zbekiston xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga intilmoqda va muhim global tashabbuslarni ilgari surishda davom etyapti. Xususan, Samarqand iqlim forumi atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish bo'yicha qo'shma qarorlar ishlab chiqishda muhim qadam bo'lib, uning natijalari butun mintaqa va jahon uchun uzoq muddatli samara keltiradi", – deydi O'zbekiston elchisi.