Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
"London Post": O'zbekistonning 2025-yil uchun davlat dasturida aholi hayot sifatini yanada yaxshilash bo'yicha ustuvor vazifalar belgilangan - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

"London Post": O'zbekistonning 2025-yil uchun davlat dasturida aholi hayot sifatini yanada yaxshilash bo'yicha ustuvor vazifalar belgilangan



LONDON, 6-mart. /"Dunyo" AA/. Britaniyaning "London Post" yangiliklar portalida "O'zbekiston – 2030: yangi davlat dasturining aholi hayotidagi ahamiyati" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

"Taraqqiyot strategiyasi" markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov qalamiga mansub maqolada O'zbekiston Prezidentining "O'zbekiston – 2030" strategiyasini "Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida"gi farmonida belgilangan vazifalar va ularning xalqimiz hayotidagi ahamiyati tahlil qilingan.

 

 Muallif yozganidek, joriy yilda 2025-yilga mo'ljallangan Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik va ekspertlar muhokamasidan o'tkazilib, yaqinda rasman qabul qilindi. Ushbu muhokamalar parlamentning ikkala palatasida, siyosiy partiyalar faollari, mehnat jamoalari, yoshlar va mahallalarda faol o'tkazildi. Jarayonlar keng jamoatchilikka ochiq tarzda yetkazilib, ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borildi.

 

"Bunday ochiq muhokamalar aholining qiziqishini oshirib, faol ishtirokini ta'minladi. Davlat dasturida nazarda tutilgan muhim tashabbuslar haqida xabardorlikni oshirish va fuqarolarning qimmatli takliflarini olish maqsadida bir qator tadbirlar o'tkazildi. Natijada, aholi va ekspertlarning 100 ga yaqin konseptual hamda mingdan ortiq tahririy takliflari qabul qilindi", – deyilgan manbada.

 

Nashrda davlat dasturi doirasida aholi hayot sifatini yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta'minlash va "yashil iqtisodiyot" tamoyillarini keng joriy etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangani ta'kidlangan.

 

Dastur ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarini ham qamrab olgan. Maktabgacha ta'lim qamrovini oshirish maqsadida olis va chekka hududlarda mobil guruhlar tashkil etiladi. Sog'liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish doirasida tibbiy muassasalar zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, markazlashgan laboratoriyalar tashkil etiladi. Shuningdek, shifoxonalarda raqamli navbat tizimi joriy qilinib, tibbiy xizmat ko'rsatishning samaradorligi oshiriladi.

 

"Yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida aholi uylarida energiya tejamkor uskunalar o'rnatish uchun maxsus subsidiyalar ajratilishi ko'zda tutilgan. Bundan tashqari, Orol dengizi tubida 100 ming gektar "yashil maydon" barpo etilishi rejalashtirilgan, bu esa ekologik muhitni yaxshilashga katta hissa qo'shadi.

 

Maqola "2025-yilga mo'ljallangan Davlat dasturi O'zbekistonning barqaror rivojlanishi, aholi farovonligini oshirish va ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Ushbu tashabbuslar nafaqat hozirgi, balki kelajak avlod uchun ham mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi", – degan so'zlar bilan yakunlanadi.