
LONDON, 9-mart. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi vakillari hamda Britaniyaning "VSO International" tashkilotining xalqaro hamkorlik masalalari bo'yicha direktori Tim Nyuman o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Onlayn muloqot chog'ida ta'lim yo'nalishlarida, jumladan ingliz tilini o'rgatish va malaka oshirish sohalarida kelgusida qo'shma loyihalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tim Nyuman O'zbekistonda ingliz tilini o'qitish va o'qituvchilarning malakasini oshirish borasida olib borilayotgan islohotlarni e'tirof etish barobarida, kelgusida mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari bilan qo'shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Britaniya vakili, shuningdek, "VSO International" tashkiloti faoliyati bo'yicha axborot berdi.
1958-yilda "VSO International" xalqaro tashkilotining asosiy faoliyati turli mamlakatlarning uzoq muddatli ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni ta'minlashga ko'ngillilarning yordamida bilim va malaka almashish orqali ko'mak berishga yo'naltirilgan.
"VSO International" tashkiloti oxirgi 60 yilda 90 dan ortiq davlatlarda ta'lim, sog'liqni saqlash, ayollar va yoshlar tadbirkorligi, qishloq xo'jaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalarni rivojlantirishda 80 mingdan ortiq yuqori malakali ko'ngillilarni jalb etgan holda qo'shma loyihalarni amalga oshirgan.