Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Londonda bo'lib o'tadigan xalqaro kinofestivalda o'zbek filmlari namoyish etiladi - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

Londonda bo'lib o'tadigan xalqaro kinofestivalda o'zbek filmlari namoyish etiladi



LONDON, 18-mart. /"Dunyo" AA/. Britaniya poytaxtida joriy yilning 22-27-may kunlari o'tkaziladigan VII Yevroosiyo kinofestivalining taqdimoti bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Bu yilgi festivalda xalqaro maydonda e'tirof etib kelinayotgan O'zbekiston kinosiga alohida e'tibor qaratiladi. "Eurasian Creative Guild" (ECG) tomonidan asos solingan mazkur festival Buyuk Britaniyaning mustaqil filmlar bo'yicha yetakchi maskanlaridan biri bo'lgan "Romford Film Festival" bilan hamkorlikda yettinchi marotaba o'tkazilmoqda. O'zbekiston kino ustalarining mazkur festivalda ishtiroki o'zbek kinosini targ'ib qilish, jahon yetakchi kino mutaxassislari, matbuot va keng auditoriya e'tiborini jalb qilish uchun yangi imkoniyat ochadi.

 

Bu yil ECG kinofestivalida Ispaniya, Qozog'iston, Kuvayt, Buyuk Britaniya, Eron, Rossiya, Kipr, Qirg'iziston, Iordaniya, Tojikiston, Armaniston, Xitoy va boshqa mamlakatlarning filmlari namoyish etiladi.

 

Festival butun dunyo bo'ylab rejissyorlar, prodyuserlar va aktyorlar o'rtasida o'zaro muloqot uchun platforma yaratish, ingliz tilida so'zlashuvchi makonda Yevroosiyo kinosini targ'ib etishga qaratilgan. Tomoshabinlar to'liq va qisqa metrajli, animatsion va hujjatli filmlar hamda buktreylerlar, ssenariylar, mobil va musiqiy videolarni o'z ichiga olgan turli xil dasturlarni tomosha qilishlari mumkin.

 

"ECG Film Festival" o'tgan yillar davomida jahon kinematografiyasida muhim voqea sifatida o'zini namoyon qildi. Festival har yili O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Rossiya, Italiya, Tojikiston, Finlyandiya, AQSh, Belarus, Ozarbayjon, Shvetsiya, Germaniya, Eron, Gruziya, Armaniston, Ukraina, Kanada, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar rejissyorlarining asarlarini namoyish etadi.

 

Bo'lajak kinofestival o'zbek filmlari uchun muhim bosqich bo'lib, iste'dodli rejissyorlarga o'z asarlarini xalqaro sahnada namoyish etish va O'zbekiston va Buyuk Britaniya o'rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash imkonini beradi.