
LONDON, 11-mart. /"Dunyo" AA/. London Siti hokimiyatida ilk bor Navro'z bayrami keng nishonlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Britaniya hukumati rasmiy vakillari, parlament a'zolari, mahalliy va xorijiy kompaniyalar, bank va moliyaviy institutlari rahbariyati hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Tantanali marosimni London Siti lord-meri Alister King qutlov nutqi bilan ochib berdi. U yig'ilganlarni kirib kelayotgan Navro'z bayrami bilan tabriklab, uning chuqur tarixiy va madaniy ahamiyatini ta'kidladi. Navro'z ayyomi yangilanish, birlik va tinchlik ramzi sifatida e'tirof etilishi ta'kidlandi.
O'zbekiston va Ozarbayjon diplomatik vakolatxonalari vakillari Navro'z – xalqlar o'rtasidagi aloqalarni o'zaro hurmat, tinchlik va yaxshi qo'shnichilik g'oyalari asosida mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.
Tadbirning badiiy qismida O'zbekiston va Ozarbayjon ijodiy jamoalari ishtirokida konsert dasturi bo'lib o'tdi. O'zbekiston san'at ustalari tomonidan milliy cholg'u asboblarida ijro etilgan kuy va qo'shiqlar mehmonlarga xush kayfiyat bag'ishladi. Shuningdek, tadbir doirasida O'zbekiston va Ozarbayjon milliy hunarmandchilik buyumlari ko'rgazmasi, an'anaviy san'at va milliy taomlari namoyishi o'tkazildi.
London Siti London shahrining tarkibiga kiradi va mahalliy hududdagi hukumat xizmatlari uchun mas'ul bo'lgan qolgan 32 ta tumanlar bilan birgalikda faoliyat yuritadi. U o'zining mahalliy boshqaruv va qonunchilik organlari hamda politsiya xizmatiga ega.
U 1673-yilda birinchi bank bo'linmasining tashkil etilishi va 1694-yilda Angliya bankining asos solinishi bilan dunyoning birinchi moliyaviy markaziga aylangan. London Siti yevroobligatsiyalar savdosi, valyuta ayirboshlash, fyuchers shartnomalari va jahon sug'urtasi bo'yicha tan olingan yetakchi markaz hisoblanadi.
London Sitida London fond birjasi, Angliya banki va "Lloyd's" sug'urta kompaniyasi, shuningdek, 500 taga yaqin xorijiy bank va moliyaviy institutlar joylashgan bo'lib, ularda 615 mingdan ortiq odam faoliyat yuritadi.
2024-yilda jahon bozoridagi kunlik valyuta operatsiyalarining 38 foizdan ortig'i Londonda amalga oshirilgan. Hozirgi kunda ham global valyuta operatsiyalarini nazorat qiladi va dunyoda oltin narxlarini belgilashda asosiy rol o'ynaydi.