
LONDON, 12-mart. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniyaning ommabop "London Post" axborot portalida O'zbekiston Prezidentining Fransiyaga amalga oshirayotgan davlat tashrifi va O'zbekiston-Fransiya munosabatlariga bag'ishlangan maqolalar e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ma'lum qilinganidek, 11-mart kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Emmanuel Makronning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Fransiyaga bordi.
Parijga tashrif kun tartibidan oliy darajadagi muzokara va tadbirlar, Fransiyaning rasmiy va ishbilarmon doiralari bilan qator uchrashuvlar o'rin olgan. "Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, Fransiyaning yetakchi kompaniya va korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ustuvor ahamiyat qaratiladi", – deb yozgan manba.
Qayd etilganidek, sammit yakunlari bo'yicha hukumatlararo va idoralararo bitimlar to'plamini qabul qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, O'zbekiston rahbari YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashib, joriy yilning kuzida Samarqand shahrida Tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishning amaliy jihatlarini muhokama qildi.
Ushbu nufuzli portalda joylashtirishgan yana bir maqolada O'zbekiston va Fransiya o'rtasidagi idoralararo darajadagi hamkorlik keng ko'lamli sohalarni qamrab olgani urg'ulangan. "2023-yil 2-noyabr kuni ikki davlat rahbarlari huzurida hamkorlik to'g'risida qator hujjatlar, jumladan, ta'lim, madaniy meros va ichimlik suvi infratuzilmasini yaxshilash bo'yicha bitimlar imzolandi", – deyilgan materialda.
Maqola yakunida "O'zbekiston-Fransiya munosabatlari jadal rivojlanib, siyosat va iqtisodiyotdan tortib, fan, madaniyat va ta'limgacha bo'lgan keng ko'lamli sohalarni qamrab olgan. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlik tarixidagi muhim voqea bo'lib, tashrif davomida ilgari suriladigan yangi tashabbus va imzolanadigan kelishuvlar ikki tomonlama sheriklikni yana-da yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi", – deb yozilgan.