Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasidagi nutqi - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasidagi nutqi



Hurmatli Tuliya Ekson Xonim oliyalari!

Hurmatli Martin Chungong Janobi oliylari!

Hurmatli parlamentlar rahbarlari va aʼzolari!

Xonimlar va janoblar!

Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida ishtirok etish uchun dunyoning barcha qitʼalaridan kelgan nufuzli delegatsiyalarni O‘zbekiston zaminida samimiy qutlashdan g‘oyat xursandman.

O‘z safida 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Ittifoqning Assambleyasi ilk marta Markaziy Osiyo mintaqasida bo‘lib o‘tmoqda. Anjumanning azim poytaxtimiz – Toshkent shahrida o‘tkazilayotgani bizga ulkan iftixor bag‘ishlaydi.

Bunday yuksak ishonch va ehtiromni biz yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, parlamentarizm va vakillik hokimiyatini rivojlantirish borasida erishilayotgan katta natijalarning eʼtirofi, deb qabul qilamiz.

Men ham 15 yil davomida parlament aʼzosi bo‘lganman. Dunyoni tinch-osoyishta, jamiyatlarni yana-da farovon qilishga qaratilgan olijanob faoliyatingiz naqadar masʼuliyatli ekanini yaxshi bilaman va tushunaman.

Sizlar – bamisoli xalqlarni bir-biriga bog‘lovchi mustahkam do‘stlik ko‘prigisiz. Sizlar – odamlarning dardu tashvishi va muammolarini eng quyi tizimdan boshlab, kerak bo‘lsa, mintaqaviy va xalqaro miqyosga olib chiqishga, ularga samarali yechim topishga qodir bo‘lgan qudratli kuchsizlar.

Albatta, sizlar o‘z xalqlaringizning xohish-irodasini namoyon etib, milliy taraqqiyot modellarini ishlab chiqishda, zamonaviy xavf-xatarlarga munosib javob berishda katta rol o‘ynamoqdasiz.

Fursatdan foydalanib, Parlamentlararo Ittifoq rahbariyatiga, tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning qonunchilik organlari hamda xalqaro parlament uyushmalari vakillariga chin dildan samimiy tashakkur izhor etaman.

O‘zbekistonga xush kelibsiz, aziz mehmonlar!

Hurmatli Assambleya ishtirokchilari!

Sir emas, so‘nggi yillarda dunyoning turli mintaqalarida qurolli to‘qnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqtisodiy inqirozlar, “savdo urushlari”, terrorizm va ekstremizm tahdidlari tobora kuchayib bormoqda. Bunday o‘ta murakkab sharoitda jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni taʼminlashda parlamentlar ishtiroki va taʼsirini oshirishni zamonning o‘zi talab etmoqda.

Vakillik diplomatiyasini amalga oshirish, dolzarb masalalarni xalqlar va davlatlarning umumiy manfaatlari asosida tizimli hal etishda Parlamentlararo Ittifoq nufuzli
va eng yirik ko‘p tomonlama institutga aylanganini alohida taʼkidlamoqchiman.

Ittifoqning Birlashgan Millatlar Tashkilotida doimiy kuzatuvchi maqomiga ega ekani uning global barqarorlik va hamjihatlikka qo‘shayotgan hissasining ifodasidir. Bugungi anjumanda 140 ga yaqin davlatdan 2 mingdan ziyod ishtirokchilar qatnashayotgani ham fikrimning yorqin dalilidir.

Bizning tashabbusimiz bilan Assambleya “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida o‘tkazilayotgani albatta chuqur ramziy maʼnoga ega.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi o‘ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga ortgan. Lekin, afsuski, insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmagan. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030 yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechiradi. 84 million bola esa taʼlim olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

O‘z-o‘zidan ravshanki, bu holat iqtisodiyot va jamiyatga katta zarar yetkazadi, ijtimoiy-iqtisodiy institutlar faoliyatini zaiflashtiradi, pirovard natijada odamlarning imkoniyatlarini cheklaydi.

Albatta, bunday tengsizlikning asl sabablarini aniqlash va uning oqibatlariga qarshi kurashish barchamizning asosiy vazifamizdir.

Ishonaman, ushbu yo‘nalishda davlatlarning vakillik organlari o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yana-da kengaytirish umumiy taraqqiyotimizga munosib hissa qo‘shadi.

Bu borada parlamentlar eng yaxshi anʼana va ilg‘or tajribalarni ishga solish va almashish, o‘zaro saʼy-harakatlarni birlashtirgan holda, bor intellektual salohiyati va kuchini to‘liq safarbar qilishiga umid qilaman.

Barchangizga ana shunday sharafli ishda ulkan yutuq va omadlar tilayman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari va aʼzolari!

Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston ortga qaytmas demokratik islohotlar va pragmatik tashqi siyosat yo‘lidan dadil qadam bosib, dunyo hamjamiyati bilan ochiq va jadal muloqot olib bormoqda.

Biz mamlakatimizda kuchli va masʼuliyatli parlamentni barpo etish, samarali parlament diplomatiyasini tatbiq qilish uchun keng sharoitlar yaratyapmiz.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida parlament institutini rivojlantirishni muhim vazifa sifatida alohida belgiladik. So‘nggi yillarda qonun chiqaruvchi hokimiyatning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rnini oshirishga qaratilgan 20 dan ziyod qonunlar qabul qilindi.

Ayniqsa, 2023 yili umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi Konstitutsiyada parlament vakolatlari keskin oshirildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senat vakolatlari esa 14 tadan 18 taga yetkazildi. Sud, korrupsiyaga qarshi kurash va raqobat organlarini shakllantirish bo‘yicha Prezidentning qator vakolatlari qonun chiqaruvchi hokimiyatga o‘tkazildi. Parlamentning Hukumatni shakllantirishdagi ishtiroki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ustidan nazorat mexanizmlari yana-da kuchaytirildi.

Bu o‘zgarishlarga mos tarzda hududlarimizda ham xalq deputatlari mahalliy kengashlarining vakolatlari kengaytirildi. Jumladan, 30 dan ortiq vakolatlar mahalliy kengashlarga o‘tkazildi va bu jarayonlar izchil davom ettirilmoqda.

Milliy parlamentimizda xotin-qizlarning ulushi bugungi kunda 38 foizga yetdi. Mazkur ko‘rsatkich Parlamentlararo Ittifoq tomonidan yuksak eʼtirof etilib, Osiyo mintaqasida so‘nggi o‘ttiz yilda eng yuqori o‘sish sifatida baholangani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Bundan tashqari, 2021 yilda Oliy Majlis palatalari qoshida ilk bor yoshlar parlamentlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ayni paytda milliy parlamentimiz 100 ga yaqin xorijiy hamkorlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan. 80 ta qo‘shma do‘stlik guruhlari va komissiyalari samarali ishlayapti.

O‘zbekiston parlament yo‘nalishida global ahamiyatga molik bo‘lgan qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Ittifoq bilan hamkorlikda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun har ikki yilda Parlamentlararo global hamkorlik forumi o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekiston vakillari Osiyo Parlamentlari Assambleyasi, Markaziy Osiyo parlamentlari forumi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlar Assambleyasi va boshqa platformalarda faol ishtirok etmoqda.

Umuman, bugungi kunda vakillik organlarimiz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya va kambag‘allikni qisqartirish, gender tenglikni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ham o‘z zimmasiga katta masʼuliyat olgan.

Ushbu ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun parlamentimizda yetarli salohiyat, yuksak tafakkur va boy tajribaga ega, saylovchilarning mustahkam ishonchini qozongan jonkuyar va fidoyi xalq noiblari faoliyat yuritmoqda.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Jahonda yuz berayotgan bugungi global o‘zgarishlar Parlamentlararo Ittifoq va milliy parlamentlarimiz oldiga yangidan-yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston ushbu Tashkilotning to‘laqonli aʼzosi sifatida uning barcha tuzilma va forumlari ishida faol ishtirok etib kelmoqda. Global kun tartibidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha sermahsul amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz.

Ijozatingiz bilan quyidagi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchi. Jahonning turli mintaqalaridagi nizolar global va mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solmoqda.

O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qatʼiy tarafdori ekanini yana bir bor taʼkidlamoqchiman.

Umid qilamizki, Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha boshlangan muzokaralar jarayoni o‘zining ijobiy natijasini albatta beradi.

Eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim, deb hisoblaymiz.

Jumladan, Falastin – Isroil nizosining yagona va adolatli yechimi “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishdan iboratdir.

Bizga qo‘shni bo‘lgan Afg‘oniston haqida to‘xtalib o‘tmaslik mumkin emas. Ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish, Afg‘onistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozim, deb hisoblaymiz. Bu borada parlamentlarning ko‘magiga ishonamiz.

Umuman olganda, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotini universal va muqobili yo‘q yagona global tuzilma sifatida eʼtirof etadi. Biz bu borada Bosh kotib Antoniu Guterrishning mazkur xalqaro tashkilotni chuqur isloh qilish, uning salohiyatini oshirish bo‘yicha olib borayotgan tizimli saʼy-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

Shu bilan birga, Yevrosiyo guruhining Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan bayonotini to‘la olqishlaymiz.

Ikkinchi. Davrimizning o‘tkir muammosiga aylangan, sayyoramiz taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘layotgan iqlim o‘zgarishlari doimo diqqatimiz markazida bo‘lishi kerak. Chunki uning ayanchli oqibatlari, eng avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarga kuchli taʼsir ko‘rsatmoqda.

Parij bitimi doirasida va uglerod neytralligiga erishish borasida o‘z zimmamizga olgan majburiyatlarni to‘liq bajarish har qachongidan ham muhimdir.

Bu masalalarni kuni kecha Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro iqlim forumida ham atroflicha muhokama qildik.

Davlatlarning iqlim siyosati bo‘yicha ilg‘or tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, qayta tiklanadigan energiya manbalari va “yashil” texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish parlamentlarning muhim vazifasiga aylansa, albatta, salmoqli yutuqlarga erishamiz.

Iqlim o‘zgarishi mavzusi Assambleyaning kun tartibidagi bosh masalalardan biri sifatida doimiy o‘rin olishi kerak, deb hisoblaymiz.

Uchinchi. Xotin-qizlar huquqlarini qatʼiy qaror toptirish ijtimoiy taraqqiyotning asosiy shartlaridan biridir.

Tahlillarga ko‘ra, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ayollarning erkaklar bilan teng ishtiroki taʼminlansa, jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 26 foizga o‘sadi. Dunyo miqyosida ayol deputatlarning ulushi 1995 yildagi 11,3 foizdan joriy yilga kelib 27,2 foizga ko‘tarilgani albatta quvonarli holdir.

Jamiyat boshqaruvida ayollar faolligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taʼsirchan choralar yordamida, hech shubhasiz, yangi natijalarga erishamiz.

So‘nggi yillarda yurtimizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari va Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda Osiyo xotin-qizlar forumi va Jahon parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti samarali o‘tkazilganini alohida taʼkidlamoqchiman.

Shu bois bizning tashabbusimiz bilan ilgari surilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlashingizga umid qilaman.

To‘rtinchi. Yoshlarning parlament faoliyati bilan bir qatorda jamiyat hayotining barcha jabhalarida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish o‘ta dolzarb masaladir.

Parlamentlar uchun yangi avlodni tarbiyalash, bu borada samarali xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kelajagimizning muhim omilidir. Shu bois milliy parlamentlar hamda Ittifoq faoliyatiga yoshlarni faol jalb etib, doimiy muloqotni kuchaytirish zarur, deb o‘ylayman. Bu borada Parlamentlararo Ittifoq tizimi doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning taʼsis forumini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilaman.

Beshinchi. Har bir insonning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlarini taʼminlash, xalqaro standart va meʼyorlar asosida sifatli xizmatlar ko‘rsatish har qachongidan ham dolzarb masaladir.

Biz O‘zbekistonni ijtimoiy davlat, deb eʼlon qilib, aholining har tomonlama himoyasini taʼminlashni siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi etib belgiladik. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshiryapmiz.

Oxirgi sakkiz yilda 7 milliondan ziyod aholi kambag‘allikdan chiqarilib, uning darajasi 35 foizdan 8,9 foizga tushirildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 6 foizga pasaytirishni maqsad qilganmiz.

Shu yil sentyabr oyida yurtimizda bo‘lib o‘tadigan kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ishida davlatlaringiz parlamentlari vakillarini faol ishtirok etish uchun taklif qilamiz.

Yana bir muhim masala. Hozirgi kunda barcha jabhalarga keng kirib kelayotgan sunʼiy intellekt sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirishni bugungi zamonning o‘zi bizdan talab etmoqda.

Sunʼiy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha model qonun ishlab chiqilsa, ushbu innovatsion huquqiy asos dunyo miqyosida tez rivojlanayotgan ushbu sohani samarali tartibga solishda barcha davlatlar uchun o‘ziga xos namuna bo‘lar edi.

Hurmatli parlamentlar rahbarlari va aʼzolari!

Bizning barcha taklif va tashabbuslarimiz Parlamentlararo Ittifoqning Strategiyasi maqsadlariga to‘la mos ekani bilan ahamiyatlidir.

Shu bilan birga, yondashuvlarimiz bugungi tarixiy Assambleya yakunlari bo‘yicha qabul qilinadigan Toshkent deklaratsiyasida ham o‘z ifodasini topadi, deb ishonaman.

Albatta, dunyodagi hech bir davlat va jamiyat faqat ko‘plab qonun yoki qarorlar qabul qilish bilan rivojlana olmaydi. Barchamiz bu yo‘lda birlashib, qonun ijodkorligi ruhini kuchaytirib, bor bilim va tajribamizni yagona maqsad sari safarbar etish orqali umumiy maqsadimizga erisha olamiz.

Assambleya doirasida o‘tayotgan 70 ga yaqin turli tadbir va debatlarda parlamentlar oldida turgan eng asosiy vazifalar yuzasidan atroflicha fikr almashiladi hamda istiqbolli rejalar belgilab olinadi, deb ishonaman.

Qabul qilinadigan barcha qarorlar esa ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorligimiz tarixida yangi sahifa ochadi.

Aziz do‘stlar!

Xalqaro hamjamiyatning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, ijtimoiy adolat va tenglikni taʼminlash hamda yuksak demokratik qadriyatlarni ilgari surish yo‘lidagi ezgu faoliyatingizda barchangizga mustahkam sog‘liq va tuganmas kuch-g‘ayrat yor bo‘lsin!

Assambleya ishiga katta yutuq va muvaffaqiyatlar tilayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.