Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O‘zbekiston – 2025-2027-yillar uchun BMT Turizm Yevropa komissiyasi raisligiga nomzod - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

O‘zbekiston – 2025-2027-yillar uchun BMT Turizm Yevropa komissiyasi raisligiga nomzod



O‘zbekiston o‘z nomzodini 2025-2027-yillar uchun BMT Turizm Yevropa komissiyasi raisligiga ilgari surdi.

Mazkur nufuzli lavozimga O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘z nomzodini ilgari surmoqda. Bu tashabbus mamlakatimizning xalqaro turizm tashkilotlari doirasidagi faolligi va yuksak ishonchga sazovor bo‘layotganining yaqqol ifodasidir.

BMT Turizm Yevropa komissiyasi tarkibiga Yevropa, Markaziy va G‘arbiy Osiyoning 41 ta davlati kiradi. Komissiya Yevropa mintaqasidagi turizm siyosatini shakllantirish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda barqaror va inklyuziv turizmni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Mazkur komissiyaning 71-yig‘ilishi 2025-yil 4-6-iyun kunlari Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tadi. Mazkur yig‘ilish davomida 2025-2027 yillarda BMT Turizm Yevropa komissiyasi raisi saylovi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistonning mazkur lavozimga o‘z nomzodini ilgari surishi – mamlakatimizning turizm sohasidagi izchil islohotlari, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi amaliy qadamlar, shuningdek, barqaror va inklyuziv turizmni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasining eʼtirofi sifatida eʼtirof etilmoqda.

Mazkur lavozimni egallash orqali O‘zbekiston Markaziy Osiyoni yagona turizm makoni sifatida targ‘ib qilish, transchegaraviy marshrutlarni rivojlantirish, raqamli yechimlarni keng joriy etish, shuningdek, BMT Turizm tashkiloti doirasida mintaqaviy muloqotni kuchaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surishni rejalashtirmoqda.

“Dunyo” AA