
LONDON, 18-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning Iqlim bo'yicha maxsus vakili Reychel Kayt bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot avvalida maxsus vakil Reychel Kayt O'zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, yurtimizda ekologik inqirozlarning oldini olish va atrof-muhit holatini yaxshilash bo'yicha innovatsion yondashuvlarni joriy etish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarni yuksak baholadi.
"O'zbekiston hukumati tomonidan Orol dengizining qurigan tubida va Orolbo'yi hududlarida "yashil" qoplamalar – himoya o'rmonzorlarini barpo etish, respublikada bioxilma-xillikni tiklash va saqlab qolish hamda ekologik barqarorlikni ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlarni olqishlayman. Shuningdek, Britaniya hukumati O'zbekistonda iqlim, energiya, suv xavfsizligi va "yashil iqtisodiyot"ni rivojlantirish uchun moliyaviy hamda texnik yordam ko'rsatishdan manfaatdor", dedi u.
Xususan, umumiy qiymati 25,2 million AQSh dollariga teng 2024-2030-yillarga mo'ljallangan "Markaziy Osiyo mintaqasi uchun iqlim, energiya va suv xavfsizligi" dasturi va 23,2 million AQSh dollariga teng 2024-2029-yillarga mo'ljallangan "Buyuk Britaniya va Markaziy Osiyo yashil inklyuziv o'sish jamg'armasi" doirasida respublikada tadbiq etilayotgan qo'shma loyihalarni yuqori baholandi.
Suhbat davomida atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o'zgarishining oldini olish va mazkur sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo'yicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida yuqoridagi masalalar bo'yicha amaliy ishlarni davom ettirish bo'yicha kelishuvga erishildi.