Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
ShHT turizm bozorida O‘zbekistonning raqobatbardoshligi va afzalliklari - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

ShHT turizm bozorida O‘zbekistonning raqobatbardoshligi va afzalliklari


O‘zbekiston so‘nggi yillarda xalqaro turizm bozorida, xususan, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) hududida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda. Mamlakatga 2025-yilning yanvar-iyun oylari davomida 5,3 mln nafardan ortiq xorijiy sayyohlar tashrif buyurdi (o‘sish 111 %) va 2,4 mlrd dollar miqdorida turizm xizmatlari eksporti (o‘sish 164 %) ko‘rsatildi.
ShHTga a’zo davlatlar uchun turizm nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki madaniy almashinuv va diplomatik yaqinlashuvning ham muhim vositasi hisoblanadi. O‘zbekiston mazkur tashkilot doirasida o‘zining boy madaniy merosi, zamonaviy infratuzilmasi va qulay vizalar siyosati orqali ajralib turadi.
O‘zbekiston tarixiy obyektlarining boyligi bilan ham SHHT hududida raqobatbardosh afzallikka ega. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar YUNЕSKOning jahon merosi ro‘yxatiga kirgan bo‘lib, ular sayyohlar uchun o‘ziga xos madaniy magnitga aylangan. Bu shaharlarda yuzlab madaniy yodgorliklar, masjid va madrasalar, bozorlar va hunarmandchilik markazlari mavjud bo‘lib, sayyohlar uchun noyob tajriba taqdim etadi.
Mamlakatda 2025 yilning birinchi yarmida 60 ta yangi mehmonxona, 287 ta oilaviy mehmon uylari, 146 ta xostel va 24 ta boshqa joylashtirish vositalari jami 517 ta yangi joylashtirish vositalari (12,8 ming o‘rin) tashkil etildi. Natijada mehmonxona va joylashtirish vositalari soni 6448 taga yetib, o‘rinlar soni 170 mingtadan oshdi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston jahon mehmonxona brendlari bilan ham faol hamkorlik qilib kelmoqda. Hilton, Intercontinental, Bentley, Bill Wyndham & Co va Azimut kabi yirik mehmonxona tarmoqlari mamlakatning turli hududlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda. Bu nafaqat xizmat ko‘rsatish sifatiga, balki xalqaro ishonchga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, turistlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi 368 ta yangi turistik tashkilot va turagentlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ularning soni 4052 taga yetdi. Respublika bo‘ylab 3415 ta gid-ekskursovodlar faoliyat olib bormoqda, joriy yilning yanvar-iyun oylari mobaynida 215 ta gid-ekskursovodlar tayyorlandi. Bu o‘zgarishlar nafaqat turizm xizmatlarining sifatini oshirdi, balki mehmonlar uchun qulaylik darajasini ham keskin yaxshiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston vizasiz rejimlar borasida ham mintaqada yetakchi davlatlardan biriga aylangan. Hozirda 90 dan ortiq davlat fuqarolari vizasiz kirish huquqiga ega bo‘lib, yana 56 davlat fuqarolari elektron viza orqali mamlakatga tashrif buyurishlari mumkin. Bu turizm oqimini oshirishda hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Buning barchasi o‘z navbatida O‘zbekistonga sayyohlar oqimini keskin o‘sishiga olib keldi. Jumladan, joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida SHHTga a’zo davlatlardan 4,3 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurdi. Bu esa mamlakatga tashrif buyurgan sayyohlarni umumiy sonidan 80 foizini tashkil etadi.
Shu bilan birga, “World Media Group” va “Blue Sky”, “Sky one”, “Wanderlust”, “Euronews”, “BBC”, “National Geographic”, “CNN” “Travel Tomorrow”, “Warner Bros. Discovery”, “Saga travel Group” xalqaro mediakorporatsiyalari, shuningdek, “Ctrip.com”, “Holiday factory”, “Voyage Prive” onlayn sayohat platformasi kabi bir qator xorijiy tashkilotlar va televideniyelar bilan shartnomalar asosida xalqaro miqyosda mamlakatimiz imidji ilgari surildi.
2024 yilda dunyoning yetakchi 19 ta mamlakatida bo‘lib o‘tgan 22 ta xalqaro yarmarkalarda O‘zbekistonning milliy turizm stendi bilan ishtirok etildi. Xususan, SHHT mintaqasida ko‘plab turistik tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Xitoyda O‘zbekiston turizm yili” doirasida 20 tadan ortiq provinsiyalarda turizm taqdimotlari, sayyohlik ko‘rgazmalarida ishtirok etildi. 500 dan ortiq B2B uchrashuvlar o‘tkazildi, xitoylik sayyohlarni yurtimizga jo‘natish bo‘yicha 44 ta bitim imzolandi.
Iqtisodiy nuqtayi nazardan, turizm O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim rol o‘ynaydi. 2024 yil davomida 2,8 mlrd. dollarlik 591 ta loyihalar amalga oshirilib 19 428 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Hukumat 2025 yil uchun yanada katta maqsadlarni belgilagan: 11 million xorijiy sayyoh, 3,8 milliard dollarlik turizm daromadi va 50 mingta qo‘shimcha ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mamlakat “Turizm-2040” strategiyasi doirasida uzoq muddatli rejalarni amalga oshirmoqda. Bu strategiyada barqaror turizm, ekologik sayohatlar, mahalliy jamoalarni jalb etish, infratuzilmani kengaytirish va raqamli texnologiyalarni joriy etish kabi yo‘nalishlar nazarda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning SHHT turizm bozoridagi raqobatbardoshligi bir necha omillar bilan ta’minlanmoqda: boy tarixiy va madaniy meros, zamonaviy infratuzilma, faol xalqaro marketing, qulay vizalar siyosati va barqaror iqtisodiy siyosat. Bu omillar mamlakatni nafaqat mintaqaviy, balki global turizm bozorida ham muhim o‘yinchiga aylantirmoqda.



Umid Shadiyev,
Turizm qo‘mitasi raisi